O‘zbekiston COP31da: barqaror rivojlanish yo‘lida iqlim kun tartibi va mintaqaviy hamkorlik

Sharh

02 Noyabr 2026

Ulashish

O‘zbekiston COP31da: barqaror rivojlanish yo‘lida iqlim kun tartibi va mintaqaviy hamkorlik

2026-yil 11–12-noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Antaliya shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasidagi Iqlim bo‘yicha harakatlarga bag‘ishlangan jahon yetakchilari sammitida ishtirok etadi.

O‘zbekiston Prezidentining mazkur xalqaro tadbirda ishtirok etishi milliy iqlim kun tartibini ilgari surish hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi. Iqlimga chidamlilik masalalari mintaqa uchun nafaqat ekologik, balki strategik ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ham ega bo‘lib bormoqda. Davlatimiz rahbarining sammitdagi ishtiroki O‘zbekistonning milliy yutuqlari bilan bir qatorda, Markaziy Osiyoning umumiy manfaatlarini global iqlim muloqoti doirasida ilgari surish imkonini beradi. Bunday yuqori darajadagi xalqaro platformalar erishilgan natijalarni namoyish etish, iqlim siyosatining istiqboldagi yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek, xalqaro hamjamiyat e’tiborini O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi duch kelayotgan o‘ziga xos muammolarga qaratish uchun muhim imkoniyat yaratadi.

BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) tomonidan 2025-yil noyabr oyida e’lon qilingan O‘zbekistonning Ekologik atlasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi oltmish yil davomida mamlakatda o‘rtacha yillik harorat 1,6 °C ga oshgan. Bu ko‘rsatkich xuddi shu davrdagi global o‘rtacha o‘sish sur’atidan qariyb uch baravar yuqori. Orolbo‘yi hududida esa haroratning ko‘tarilishi 1,8–2,5 °C ni tashkil etgan. 2019–2024-yillar oralig‘ida mamlakatda olti qurg‘oqchil yil qayd etilgan. Ushbu tendensiyalar iqlim o‘zgarishining suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va aholi turmush sharoitlariga ta’siri tobora kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Shu nuqtayi nazardan, 2026-yil 20-may kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash” to‘g‘risidagi rezolyutsiya alohida dolzarblik kasb etadi. Mazkur hujjat barqaror rivojlanishni ta’minlash va umumiy muammolarga nisbatan kelishilgan yondashuvlarni shakllantirishda mintaqaviy hamkorlikning tobora ortib borayotgan ahamiyatini aks ettiradi.

Shu sharoitda davlatimiz rahbarining COP31dagi ishtiroki xalqaro hamjamiyatga erishilgan natijalarni taqdim etish va O‘zbekiston iqlim siyosatining kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berish imkonini yaratadi. Xususan, Parij kelishuvi doirasida yangilangan Milliy darajada belgilanadigan hissa hujjatiga muvofiq, mamlakat 2035-yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 2010-yil darajasiga nisbatan 50 foizga qisqartirishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energetikani keng ko‘lamda rivojlantirish ishlari davom ettirilmoqda. 2030-yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa energetika xavfsizligini mustahkamlash va kam uglerodli iqtisodiy o‘sish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Qo‘shimcha imkoniyatlar bevosita COP31 doirasida ham shakllanmoqda. Xususan, O‘zbekiston milliy iqlim majburiyatlarini aniq investitsiya loyihalariga aylantirishga qaratilgan “Climate Implementation Bridge” xalqaro tashabbusining beshta pilot davlatidan biri sifatida tanlandi. Bundan tashqari, konferensiya davomida iqlim o‘zgarishi sharoitida aholi mobilligi masalalariga bag‘ishlangan Ipak yo‘li deklaratsiyasini ilgari surish rejalashtirilgan. Ushbu hujjat Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlarining iqlim xavf-xatarlari va ularning ijtimoiy oqibatlariga qarshi kurashish borasidagi hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan.

Barqaror rivojlanish markazi nuqtayi nazaridan, iqlim kun tartibi mintaqaviy sheriklikni yanada rivojlantirishning muhim amaliy yo‘nalishlaridan biriga aylanishi mumkin. Iqlim o‘zgarishiga moslashish, tabiiy resurslarni boshqarish, energetik o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etish borasidagi qo‘shma sa’y-harakatlar nafaqat Markaziy Osiyo davlatlarining iqlim xavf-xatarlariga nisbatan barqarorligini oshirish, balki mintaqada iqtisodiy hamkorlik va integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga ham xizmat qiladi.