Markaziy Osiyo xavfsizligi va barqarorligiga global tahdidlarning umumiy bahosi

Konferensiyalar

16 Yanvar 2026

Ulashish

Markaziy Osiyo xavfsizligi va barqarorligiga global tahdidlarning umumiy bahosi

Antropologiya va konfliktologiya laboratoriyasining yetakchi ilmiy xodimi Rustam Maxmudovning maqolasi “Markaziy Osiyo global iqtisodiyot o‘zgarishlari oldida: baholash va bashorat qilish” mavzusidagi xalqaro anjuman materiallari to‘plamida chop etilgan. Ushbu anjuman JIDU tomonidan Roza Lyuksemburg jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Maqolada Jovanni Arrigining kapital to‘plashning tizimli sikllari nazariyasi asosida 2030-2040-yillargacha bo‘lgan davrda Markaziy Osiyo xavfsizligi va barqarorligiga global tahdidlarning keng qamrovli tahlili taqdim etilgan. Muallif zamonaviy jahon tizimi Amerika hukmronligining zaiflashuvi, AQSH, Xitoy, Yevropa Ittifoqi va Janubiy yarimshardagi mamlakatlar o‘rtasidagi raqobatning kuchayishi hamda To‘rtinchi sanoat inqilobi jarayonlarining tezlashuvi bilan bog‘liq chuqur tarkibiy o‘zgarishlar bosqichida ekanligini ta’kidlaydi.

Maqolada AQSH siyosatiga, ayniqsa Donald Tramp prezidentligi davridagi siyosatga alohida e’tibor qaratilgan. Muallif bu siyosatni Amerika jamg‘arma siklining “signal” inqirozidan “yakuniy” inqirozga o‘tishini oldini olishga urinish sifatida talqin qiladi. Buning uchun Mahmudov uchta tahliliy ko‘rsatkichdan foydalanadi: “foyda me’yori”, “Lippman bo‘shlig‘I” va “qat’iyat ko‘rsatkichi”. Bu ko‘rsatkichlar AQShning resurslari va global majburiyatlari nisbatini, institutsional barqarorligi darajasini va iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurish qobiliyatini baholashga imkon beradi. Moliyalashtirishning, davlat qarzining va tashqi siyosiy majburiyatlarning o‘sishi global miqyosda tizimli beqarorlik xavfini kuchaytirishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Mintaqaviy miqyosda muallif Markaziy Osiyo uchun asosiy tahdidlar logistika va savdo zanjirlarining zaifligi, tashqi kuchlar muvozanatining o‘zgarish ehtimoli, xavfsizlik sohasidagi beqarorlik xavfi (shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq), shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan foydalanishdagi cheklovlar ekanligini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, jahon tizimining hukmron markazining zaiflashuvi mintaqa mamlakatlari uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu imkoniyatlar, avvalo, o‘z mustaqilligini kuchaytirish, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va shakllanayotgan ko‘p qutbli dunyoda moslashuvchan pozitsiyani egallashga qaratilgan.

Xulosa qilib, Rustam Mahmudov global o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyoning barqarorligi va xavfsizligi mintaqa mamlakatlarining tashqi kuchlarni muvozanatlash strategiyasini o‘z iqtisodiy, texnologik va institutsional salohiyatini rivojlantirish bilan uyg‘unlashtirish qobiliyatiga bog‘liq bo‘lishini ta’kidlaydi. Bunday yondashuv, muallifning fikricha, nafaqat xavflarni kamaytirish, balki xalqaro munosabatlarning yangi tizimida Markaziy Osiyoning rolini mustahkamlash uchun hozirgi burilish nuqtasidan samarali foydalanish imkonini beradi.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.


Общая оценка глобальных вызовов безопасности и стабильности Центральной Азии

Yuklab olish