Markaziy Osiyo integratsiyasi masalalari bo‘yicha dolzarb suhbat: Nargiza Umarova ishtirokidagi podkast efirda

Ommaviy axborot vositalarida chiqishlar

13 May 2025

Ulashish

Markaziy Osiyo integratsiyasi masalalari bo‘yicha dolzarb suhbat: Nargiza Umarova ishtirokidagi podkast efirda

Markaziy Osiyoning bugungi integratsiya jarayonlari va mintaqaviy hamkorlik istiqbollari mavzusiga bag‘ishlangan navbatdagi podkast efirga uzatildi. Ushbu dasturda mehmon sifatida IXTI katta ilmiy xodimi Nargiza Umarova ishtirok etdi. U o‘zining sohaga oid tajribasi va tahlillari bilan tinglovchilarga Markaziy Osiyodagi integratsiya holatining bugungi manzarasi va uning siyosiy-iqtisodiy jihatlari haqida chuqur fikrlar taqdim etdi.

 

Podkast davomida ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida olib borilgan suhbatlarda integratsiya masalasi romantik tarixiy qarashlardan tashqariga chiqib, aniq geosiyosiy va iqtisodiy realiyalar kontekstida tahlil qilindi. Jumladan, dastlabki daqiqalarda Markaziy Osiyo integratsiyasining faqat bugungi holat emas, balki muzlatilgan bosqichlari ham muhokama qilinib, bu jarayonning sabab va oqibatlari atroflicha yoritildi.

 

Suhbat ishtirokchilari Ozarbayjonning mintaqaviy iqtisodiy manfaatlari, Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat va Tolibon harakati bilan bo‘layotgan aloqalarga ham to‘xtalib o‘tishdi. Ayniqsa, Afg‘oniston bilan suv resurslari masalasidagi muzokaralar va kelajakdagi infratuzilma loyihalari Markaziy Osiyo davlatlari uchun qanday strategik ahamiyat kasb etishi tahlil qilindi.

 

Podkastda, shuningdek, transport koridorlari masalasi, ayniqsa O‘zbekistonning mintaqadagi logistika salohiyati haqida muhim mulohazalar ilgari surildi. Mutaxassislar fikricha, O‘zbekistonning geostrategik joylashuvi uni transmilliy transport tizimlarida markaziy o‘yinchiga aylantirmoqda.

 

Dastur yakunida Nargiza Umarova hamda boshqa mutaxassislar integratsiya jarayonlari uchun zarur bo‘lgan siyosiy iroda, iqtisodiy manfaatlarning uyg‘unligi va tashqi kuchlarning ta’siri haqida o‘zlarining umumiy xulosalarini bildirishdi.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.