Gumanitar yordam: AQSh qo‘shinlari olib chiqilgandan keyingi Afg‘onistondagi siyosiy dilemma

Sharh

12 Fevral 2026

Ulashish

Gumanitar yordam: AQSh qo‘shinlari olib chiqilgandan keyingi Afg‘onistondagi siyosiy dilemma

AQSh harbiy kuchlari Afg‘onistondan olib chiqilgandan so‘ng, Vashington murakkab va uzoq muddatli dilemma bilan yuzma-yuz keldi:  keskin ehtiyojda bo‘lgan aholiga gumanitar yordamni qanday yetkazish mumkin va shu bilan birga hozirda Afg‘oniston Islom Amirligi (AIA) sifatida hokimiyatni boshqarayotgan “Tolibon”ga siyosiy legitimlik yoki moddiy foyda bermaslik masalasi. 2021 yil avgust oyidan buyon Qo‘shma Shtatlar ushbu muammoni hal etishga urinib, yordamni yetkazishda xalqaro tashkilotlar va nodavlat subyektlarga tayandi, bir vaqtning o‘zida esa “Tolibon” rahbariyatiga nisbatan sanksiyalarni saqlab qoldi va de-fakto hokimiyat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni chekladi. Ushbu muvozanatli yondashuv tobora ko‘proq AQShning Afg‘onistonga nisbatan qonunchilik, diplomatik va gumanitar siyosatini shakllantirib kelmoqda.

Mazkur yondashuvning markazida AQSh soliq to‘lovchilari mablag‘larining – bevosita yoki bilvosita – “Tolibon” foydasiga yo‘naltirilishining oldini olishga qaratilgan sa’y-harakatlar turadi. “No Tax Dollars for Terrorists Act” (“Terrorchilarga bir tiyin ham soliq mablag‘i yo‘q”) ushbu maqsadning eng so‘nggi va institutsional jihatdan mustahkam ifodasi hisoblanadi. 2025 yil 23 yanvarda Kongressga kiritilgan ushbu qonun loyihasi AQSh Davlat departamentidan xorijiy hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va nodavlat tashkilotlarni “Tolibon”ga moliyaviy yoki moddiy ko‘mak ko‘rsatishdan, jumladan AQSh tomonidan moliyalashtiriladigan tashqi yordamdan noto‘g‘ri foydalanish orqali qo‘llab-quvvatlashdan tiyishga qaratilgan strategiyani ishlab chiqish va amalga oshirishni talab qiladi. Qonun loyihasi hali qonunchilik jarayonining dastlabki bosqichlarida bo‘lishiga qaramay, u AQSh nazorat mexanizmlarining kuchaytirilishini va Afg‘oniston bilan aloqalarning qayta ko‘rib chiqilishi ehtimolini anglatadi.

Mazkur qonunchilik AQSh qo‘shinlari olib chiqilgandan keyin tashqi yordamni audit qilish va qayta baholashga qaratilgan kengroq sa’y-harakatlarga mos keladi. 2024 yilda SIGAR tomonidan o‘tkazilgan audit 2021 yildan keyin yetkazilgan taxminan 2,9 milliard AQSh dollari miqdoridagi yordam ustidan nazoratda jiddiy zaifliklar mavjudligini aniqladi. Hisobotda shunday deyiladi: “… mablag‘lar xalqaro tashkilotlarga o‘tkazilgandan so‘ng ularning qanday sarflanayotgani borasida Davlat departamenti va USAID yetarli darajada nazorat imkoniyatiga ega emasligidan va ushbu mablag‘lar belgilangan maqsadlarda ishlatilmasligi mumkinligidan xavotir saqlanib qolmoqda.” Ushbu da’volarning ayrim jihatlari bahsli bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, hisobot xulosalari “Tolibon” hududiy va ma’muriy nazoratni amalga oshirayotgan sharoitda gumanitar kanallarning suiiste’mol qilinishi mumkinligi haqidagi Kongressdagi xavotirlarni kuchaytirdi.

“No Tax Dollars for Terrorists Act” qonunini qo‘llab-quvvatlovchilar ushbu qonunchilikni nafaqat fiskal himoya chorasi, balki axloqiy majburiyat sifatida ham talqin qildilar. Senatning Xalqaro munosabatlar qo‘mitasi raisi Jim Rish yigirma yillik urushning insoniy narxini ta’kidlab, 2 mingdan ortiq AQSh harbiy xizmatchilari halok bo‘lganini va 20 mingdan ziyodi yaralanganini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan u AQSh mablag‘larining AIAga har qanday tarzda o‘tkazilishini “urush qurbonlariga xiyonat” deb baholab, bunday holatlarning oldini olish amerikalik soliq to‘lovchilar va Afg‘onistonda xizmat qilgan shaxslar oldidagi javobgarlik masalasi ekanini ta’kidladi. Qonun loyihasi senator Tim Shihi tomonidan kiritilgan bo‘lib, senatorlar Bill Xagerti, Tommi Tabervill va Stiv Deyns tomonidan hammualliflik qilingan; ularning barchasi Tolibonga foyda keltirishi mumkin bo‘lgan tashqi yordamga nisbatan qat’iyroq yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ushbu siyosiy o‘zgarishlarning gumanitar oqibatlari tobora yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. The New York Times nashrining yaqindagi hisobotida AQSh gumanitar yordamini to‘xtatib turish oddiy afg‘onlarning kundalik hayotiga jiddiy va zararli ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlanadi. Besh viloyatda o‘tkazilgan  tadqiqotlariga tayangan holda, hisobotda Amerika moliyalashtirishining to‘xtatilishi ko‘plab oilalar oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash va asosiy yashash ehtiyojlari uchun tayanib kelgan dasturlarni izdan chiqargani hujjatlashtirilgan. Natijalarga ko‘ra, kam daromadli xonadonlar va favqulodda yordamga tayanadigan jamoalar nomutanosib darajada ko‘proq zarar ko‘rganligi aniqlangan.

Moliyalashtirishning qisqarishi joylarda faoliyat yuritayotgan gumanitar tashkilotlarning imkoniyatlarini ham chekladi. Ayrim dasturlar qisqartirilishga majbur bo‘ldi, boshqalari esa butunlay to‘xtatildi, bu esa ishsizlik, narxlarning oshishi va uzoq davom etayotgan iqtisodiy tanazzul bilan yuzlashayotgan mahalliy jamoalarga bosimni yanada kuchaytirdi. Yetarli muqobil moliyalashtirish manbalari mavjud bo‘lmagan sharoitda AQSh qo‘llab-quvvatlashining chekinishi mavjud zaifliklarni chuqurlashtirdi va shahar hamda qishloq hududlarida qashshoqlikni kuchaytirdi.

Ushbu jarayonlar Afg‘onistondagi qo‘shinlar olib chiqilgandan keyingi inqiroz asosida yotgan chuqurroq tuzilmaviy muammoni ochib beradi. Yigirma yildan ortiq vaqt davomida xalqaro yordam nafaqat favqulodda yordam shakli, balki sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya kabi xizmatlarni moliyalashtirish va ta’minlash orqali asosiy davlat funksiyalarining o‘rnini bosuvchi mexanizm sifatida ham faoliyat yuritib keldi. AQSh va xalqaro yordam qisqartirilganida, oqibatlar keskin va og‘ir bo‘ldi hamda hayotiy muhim ehtiyojlarning qondirilishi qanchalik darajada tashqi aktorlarga bog‘liq bo‘lib qolganini ochiq ko‘rsatdi.

Natijada “No Tax Dollars for Terrorists Act” atrofidagi bahslar va AQShning moliyalashtirish bo‘yicha qarorlar nafaqat yordam mablag‘larining yo‘naltirilish yoki sanksiyalarga rioya etilish masalalari bilan cheklanmaydi. Ular gumanitar ehtiyojlar va siyosiy javobgarlik o‘rtasidagi kengroq va hanuz hal etilmagan ziddiyatni aks ettiradi. Bundan kelib chiqib, shuni ko‘rishimiz mumkinki, Afg‘onistonda aholining asosiy ehtiyojlari uchun javobgarlik xalqaro aktorlar o‘rtasida tarqalib ketgan bir vaqtda, mamlakat ichidagi hokimiyat alohida yo‘nalishda shakllandi. Yutuqlar hamkorlik natijasi sifatida talqin qilindi, muvaffaqiyatsizliklar esa boshqaruvdagi kamchiliklar emas, balki xavfsizlik muammolari, cheklovlar yoki moliyalashtirish yetishmasligi bilan izohlandi. Vaqt o‘tishi bilan gumanitar yordam va davlat funksiyalarini almashtirish o‘rtasidagi chegara xiralashdi.

Xalqaro yordam qisqarib borar ekan, ayniqsa AQSh tomonidan yaqinda amalga oshirilgan moliyalashtirish qisqartirishlaridan so‘ng, ushbu o‘zgarish Afg‘onistondagi inqirozini talqin qilishda markaziy omilga aylanmoqda. Chetdan keladigan yordamning to‘xtatilishi tobora ko‘proq gumanitar inqirozlarning asosiy sababi sifatida ko‘rsatilmoqda, bu esa hokimiyat mamlakat ichida mustahkamlangach, asosiy xizmatlarni ta’minlash uchun kim javobgar ekani haqidagi savolni soyada qoldirmoqda. Bunday yondashuv aholining hayotiy zarur ehtiyojlarini ta’minlashni doimiy tashqi aktorlaga majburiyatni yuklash imkoniyati mavjudligi haqidagi faraz bilan aralashtirib yuborish xavfini tug‘diradi va gumanitar yordamni yengillik beruvchi vositadan boshqaruv o‘rnini bosuvchi mexanizmga aylantiradi.

Gumanitar yordam, iqtisodiy o‘zini o‘zi ta’minlash va gumanitar inqiroz haqidagi hozirgi munozaralarni ushbu hal etilmagan qaramlikni inobatga olmasdan tushunib bo‘lmaydi. Afg‘oniston inqirozi hokimiyat vakuumida yuz bermayapti. U hudud, mehnat va ijtimoiy siyosat ustidan nazoratni amalga oshirayotgan boshqaruv tizimi sharoitida rivojlanmoqda va shu bois gumanitar oqibatlarni bevosita shakllantirmoqda. Shuning uchun yordamning qisqartirilishini baholashda nafaqat donorlarning qarorlari, balki hokimiyat almashuvidan keyin Afg‘oniston ichida qabul qilingan boshqaruvga oid yo‘nalishlarni ham hisobga olinishi lozim.

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.