Ekspert nigohi: O‘zbekistonning Kaspiyga intilishi Gruziya uchun nima uchun foydali bo‘lishi mumkin?

Tahliliy nashrlar

19 Avgust 2026

Ulashish

Ekspert nigohi: O‘zbekistonning Kaspiyga intilishi Gruziya uchun nima uchun foydali bo‘lishi mumkin?

Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti Strategik bog‘liqlik markazi rahbari Nargiza Umarovaning tahliliy sharhida Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va keng Yevroosiyo o‘rtasidagi transport aloqalari kengayib borayotgan bir sharoitda O‘zbekiston–Gruziya hamkorligining ortib borayotgan strategik ahamiyati tahlil qilinadi. Muallif Toshkent va Tbilisi o‘rtasidagi yaqin aloqalar nafaqat savdo va logistika omillari, balki iqtisodiy suverenitetni mustahkamlash, tashqi sheriklikni diversifikatsiya qilish hamda ayrim yirik davlatlarga haddan tashqari qaramlikni kamaytirishga qaratilgan kengroq sa’y-harakatlar bilan ham bog‘liqligini ta’kidlaydi.

Tahliliy sharhda asosiy e’tibor Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi yoki “O‘rta yo‘lak”ka hamda uning O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan yangi transport tashabbuslari bilan ehtimoliy integratsiyasiga qaratilgan. Umarova “O‘rta yo‘lak”ni “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temiryo‘li va “Transafg‘on” temiryo‘l koridori bilan bog‘lash muhimligini, bu orqali Yevropani Xitoy, Hindiston va Janubiy Osiyo bilan tutashtiruvchi kengroq sharq–g‘arb va shimol–janub logistika zanjirlarini yaratish mumkinligini alohida qayd etadi. Bunday yondashuv O‘zbekistonning qit’aviy tranzit markazi sifatidagi rolini kuchaytirishi, ayni paytda Gruziyaga Markaziy, Sharqiy va Janubiy Osiyoning jadal kengayib borayotgan bozorlariga ko‘proq chiqish imkonini berishi mumkin.

Shu bilan birga, muallif faqatgina infratuzilmaga kiritilgan sarmoyalarning o‘zi bu yo‘nalishlar raqobatbardoshligini ta’minlay olmasligini uqtiradi. Transport xarajatlarining yuqoriligi, multimodallik, raqamlashtirish darajasining pastligi, notarif to‘siqlar va ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi tezkor muvofiqlashtirishning yetarli emasligi kabi muammolar hamon dolzarbligicha qolmoqda. Shu bois, sharhda yanada integratsiyalashgan va uzluksiz mintaqaviy logistika tizimiga o‘tish maqsadida texnik, ma’muriy va huquqiy standartlarni yanada uyg‘unlashtirishga hamda CASCA+ transport yo‘lagi negizida yuk tashishni muvofiqlashtiruvchi qo‘shma elektron platforma yaratishga chaqiriladi.

“The Times of Central Asia” nashrida o‘qing

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.