Muallif: Mirjahon Fayzullayev , JIDU talabasi, IXTI Strategik bog‘liqlik markazi amaliyotchisi
Maqolada Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishining rivojlanishi nafaqat infratuzilmani modernizatsiya qilish, balki raqamli boshqaruv, ma’lumotlarning o‘zaro mosligi va texnologik suverenitet masalasi sifatida ham ko‘rib chiqiladi. Muallifning ko‘rsatishicha, O‘rta yo‘lakning asosiy cheklovchi omillari yo‘nalishning jismoniy ko‘rsatkichlaridan ko‘ra ko‘proq ma’muriy kechikishlar, raqamli tizimlardagi nomuvofiqliklar, tranzit vaqtining yuqori o‘zgaruvchanligi va yagona operatsion platformaning yo‘qligi bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, raqamlashtirish yo‘nalishning raqobatbardoshligini oshirishning asosiy omili sifatida qaraladi, bu ayniqsa, nafaqat tezlikni, balki yuklarning yetkazib berilishini oldindan bilish imkoniyatini ham qadrlaydigan yuk jo‘natuvchilar uchun muhimdir.
Maqolada logistika va bojxona ma’muriyatchiligi sohasida o‘z raqamli yechimlarini shakllantirayotgan Markaziy Osiyo, birinchi navbatda, Qozog‘iston va O‘zbekistonning o‘rniga alohida e’tibor qaratilgan. Qozog‘iston raqamli bojxona infratuzilmasi yetakchilaridan biri sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, O‘zbekiston xalqaro yuk tashuvlarida ruxsatnomalarni elektron almashish uchun “E-Permit” tizimini ilgari surmoqda. Muallif bu modellarni uyg‘unlashtirish O‘rta yo‘lakning mintaqaviy raqamli poydevorini shakllantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Kengroq ma’noda, maqolada kelajakdagi Yevroosiyo logistikasi qoidalarini kim belgilashi: Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zlarimi yoki tashqi kuchlar — Xitoy, Yevropa Ittifoqi va xalqaro platforma operatorlarimi degan masala o‘rtaga tashlanadi. Ishning asosiy xulosasi shundan iboratki, O‘rta yo‘lak transport yo‘nalishlari raqobati tobora raqamli ekotizimlar, ma’lumotlar standartlari va sun’iy intellekt raqobatiga aylanib borayotgan bosqichga kirmoqda. Shu bois, mintaqa uchun tranzit hudud maqomidan yo‘lakning raqamli infratuzilmasi me’morlaridan biriga aylanishi muhim ahamiyat kasb etadi.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.