Markaziy Osiyo Mo‘g‘uliston uchun quruqlikdagi ko‘prik bo‘ladimi?

Sharh

26 Iyun 2025

Ulashish

Markaziy Osiyo Mo‘g‘uliston uchun quruqlikdagi ko‘prik bo‘ladimi?

O‘zbekiston Qirg‘iziston va Xitoy orqali Mo‘g‘ulistonga yangi transport yo‘lagini sinov tariqasida ishga tushirdi. 4500 kilometrlik yangi avtomobil yo‘nalishi bo‘yicha yuklarni yetkazib berish sakkiz kun davom etmoqda. Bu orqali mahalliy eksportchilar Mo‘g‘ulistonning hali yaxshi o‘rganilmagan bozoriga qo‘shimcha kirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar. Bu esa ushbu mamlakat bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash nuqtai nazaridan juda dolzarbdir.

 

O‘zaro savdoni jadallashtirish yo‘li o‘tgan yili Mo‘g‘uliston prezidentining Toshkentga ilk davlat tashrifi chog‘ida belgilangan edi. Oliy darajadagi muzokaralarda tomonlar tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobarga oshirish vazifasini qo‘yishdi. Bu esa imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashga turtki bo‘ldi. Joriy yil 24-25 iyun kunlari O‘zbekiston Prezidentining Ulan-Batorga javob tashrifi chog‘ida bu masala yana bir bor ustuvor vazifa sifatida ko‘rib chiqildi.

 

Hozirgi sharoitda ham ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlari barqaror o‘sishni namoyish etmoqda. Bu, ayniqsa, O‘zbekiston eksportiga tegishli bo‘lib, 2024-yilda umumiy hisobda 26 million dollardan oshdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘pdir. Bunday o‘sish sur’ati mamlakatlararo transport aloqalarini rivojlantirishga, ayniqsa avtomobil tashuvlariga alohida e’tibor qaratishga turtki bermoqda. Chunki o‘tgan yili O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston hukumatlari darajasida tegishli bitim imzolandi. O‘zaro tashuvlarga talab ortib borayotganini inobatga olib, ruxsatnoma blankalari sonini ikki barobarga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, E-Permit tizimi asosida ularni elektron almashish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari boshlandi.

 

O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga sabzavot va mevalar, oziq-ovqat mahsulotlari, to‘qimachilik buyumlari va avtomobillar yetkazib bermoqda. Talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar turlarini va hajmini kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud. Buni amalga oshirish, shubhasiz, mamlakatlar o‘rtasida samarali va ishonchli transport aloqasini taqozo etadi.

 

Mo‘g‘uliston ikki yirik davlat - Rossiya va Xitoy bilan chegaradosh bo‘lib, dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emas. Bu esa uning murakkab geoiqtisodiy holatini belgilab beradi. Garchi mamlakat “Rossiya-Mo‘g‘uliston-Xitoy” iqtisodiy koridorining markaziy bo‘g‘ini bo‘lib, uning doirasida “Ulan-Ude-Naushki-Ulan-Bator-Erlyan-Pekin-Tyanszin” transchegaraviy temir yo‘li va Shimoliy Xitoy dengiz portlari yo‘nalishidagi avtotrassa faoliyat yuritayotgan bo‘lsa-da, bundan ma’lum moliyaviy foyda olayotgan bo‘lsa-da, Mo‘g‘ulistonning tranzit imkoniyatlari faqat ushbu kichik hududlar bilan cheklangan. Qo‘shni mintaqalarga, shu jumladan Markaziy Osiyoga savdo yo‘nalishlarini kengaytirish Ulan-Batorga o‘z eksportini xilma-xil qilish nuqtai nazaridan katta istiqbollarni va’da qilmoqda.

 

Aytgancha, Markaziy Osiyo mintaqasi Mo‘g‘uliston uchun nafaqat istiqbolli bozor, balki jahon okeanlariga olib chiquvchi quruqlik ko‘prigi hamdir. Xususan, O‘zbekiston Hind okeani portlariga chiqadigan Transafg‘on temir yo‘l yo‘lagini yaratishga intilayotganini hisobga olgan holda, Mo‘g‘ulistonning Janubiy Osiyoga o‘tkazuvchisi bo‘lishi mumkin. Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga yangi yuk yo‘nalishlarini Eron, uning janubiy dengiz portlari va G‘arbiy Osiyoning qolgan qismi yo‘nalishidagi transport-tranzit yo‘laklari bilan bog‘lash ham xuddi shunday samara beradi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari bilan transport aloqasi Mo‘g‘ulistonga Kaspiy dengizi orqali Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropaga yo‘l ochadi. “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li qurib bitkazilgach, bu tutashuv yo‘nalishlarining barchasi yuk tashish vaqti va xarajatlarini qisqartirish hisobiga yanada muhim ahamiyat kasb etishi va jozibador bo‘lishi kutilmoqda.

 

* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.