Bolgariyaning yevrohududga qo‘shilishi masalasi shunchaki makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va institutsional tartiblarni bajarish emas. Bu yanada chuqurroq jarayon - ishonchni mustahkamlash, barqarorlikni ta’minlash va mamlakatning Yevropa Ittifoqidagi strategik o‘rnini belgilashdir. 2007-yilda YIga a’zo bo‘lganidan beri Bolgariya ko‘pincha siyosiy beqarorlik, zaif institutlar va tashqi ta’sirga beriluvchanlik tufayli integratsiya loyihasining chetki ishtirokchisi sifatida qabul qilingan. Biroq 2025-yilda mamlakat bu qarashni o‘zgartirishga jiddiy urinayotganga o‘xshaydi – yevroga o‘tish navbatdagi texnik qadam emas, balki iqtisodiy va siyosiy rivojlanish yo‘nalishini qayta belgilash imkoniyati sifatida ko‘rilmoqda.
Rasman Bolgariyaning muvaffaqiyatga umid qilishga asoslari bor. Davlat qarzi YaIMning 24 foizi atrofida ushlab turilmoqda, 2025-yilda byudjet taqchilligi 3 foiz doirasida, inflyatsiya 2,8 foiz darajasida, ya’ni Yevropa Markaziy banki belgilagan me’yorlar ichida. Lev uzoq vaqtdan beri yevroga bog‘langan, avval valyuta kengashi orqali, 2020-yildan boshlab esa Yevropa valyuta kurslari mexanizmi II doirasida. Bu barqarorlikni saqlashga va keskin o‘zgarishlarsiz o‘tishga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi. Markaziy bank va hukumat moliyaviy intizomni yaxshilash bo‘yicha izchil ish olib bormoqda – samarasiz xarajatlarni qisqartirmoqda, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashmoqda va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtimoqda.
Biroq, hamma narsa faqat raqamlarga borib taqalmaydi. Ichki yaqinlashuv masalalari hal etilmagan. Unumdorlik muammolari, raqamli ko‘nikmalarning pastligi – bu qiyinchiliklarning bir qismi, xolos. Masalan, aholining atigi uchdan bir qismi asosiy raqamli ko‘nikmalarga ega, bu esa YI o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha orqada. Demak, keng ko‘lamli ta’lim va institutsional islohotlarsiz mamlakat yangi moliyaviy voqelikka moslashishi qiyin bo‘ladi.
Bunga siyosiy beqarorlik omilini ham qo‘shish kerak. Rozen Jelyaskov boshchiligidagi yangi koalitsion hukumat Yevropa integratsiyasini asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi, ammo uning tarkibida mutlaqo qarama-qarshi qarashlarga ega partiyalar, jumladan, ochiqdan-ochiq Rossiyaga moyil kuchlar ham bor. 2025-yil may oyida prezident Radev yevroni joriy etish bo‘yicha referendum o‘tkazishni taklif qildi. Bu esa hatto eng yuqori darajada ham yakdillik yo‘qligidan darak berdi. Biroq, parlament mamlakatning YI oldidagi majburiyatlarini ro‘kach qilib, bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamadi.
Yevroga o‘tishning ehtimoliy afzalliklari sezilarli – bu tranzaksiya xarajatlarining kamayishi, valyuta xatarlarining yo‘qolishi va yevrohududning chuqurroq moliya bozorlariga kirishdir. Uzoq muddatli istiqbolda bu investorlarning ishonchini mustahkamlashi va iqtisodiyotga mablag‘ jalb qilishni osonlashtirishi mumkin. Mamlakat ichida raqobat kuchayadi, bu nazariy jihatdan narxlar shakllanishi va iste’molchilar ishonchiga ta’sir ko‘rsatishi kerak. Biroq, xavf-xatarlarni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim: yevroga o‘tishda narxlarning qisqa muddatli o‘sishi tez-tez uchraydi, ayniqsa sotuvchilar narxlarni yuqoriga yaxlitlashni boshlasa.
Yana bir muhim jihat – jamoatchilik fikri. Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, bolgarlarning taxminan 70 foizi yevroga qarshi yoki o‘tishni kechiktirmoqchi. Odamlar narxlarning oshishidan, iqtisodiyot ustidan nazoratni yo‘qotishdan va tashqi ta’sirning kuchayishidan xavotirda. Bu qo‘rquvlar noto‘g‘ri ma’lumotlar bilan kuchaytirilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib, “omonatlarni musodara qilish” va boshqa vahimali afsonalarni tarqatayotgan “Vozrojdeniye” kabi Rossiyaga moyil partiyalar bunda faol ishtirok etmoqda. Bunga javoban hukumat maslahatlashuvlarni boshladi, axborot markazlarini ochmoqda va targ‘ibot kampaniyalari o‘tkazmoqda, ammo hozircha bu yetarli emas.
Madaniy jihatni ham hisobga olish muhim. Ko‘pchilik bolgarlar uchun lev shunchaki valyuta emas, balki mustaqillik ramzidir. Undan voz kechish Bryussel va YeMBga yon berish sifatida qabul qilinadi. Ammo boshqa mamlakatlar – Boltiqbo‘yi, Xorvatiya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, to‘g‘ri strategiya bilan o‘tish nisbatan og‘riqsiz kechadi. Masalan, 2023-yil yanvar oyida yevroga o‘tgan Xorvatiyada inflyatsiya ozgina oshdi, investitsiyalar esa ko‘paydi.
Bolgariya misoli O‘zbekiston uchun ham ahamiyatli. Birinchidan, mamlakat institutlar, makroiqtisodiyot va tartibga solish muhiti nuqtai nazaridan yanada ishonchli hamkorga aylanmoqda. Bu, ayniqsa, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va yengil sanoat kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yaxshi imkoniyatdir. Ikkinchidan, Bolgariyani qo‘shma korxonalar, savdo vakolatxonalari, logistika zanjirlarida ishtirok etish orqali yevrohudud bozoriga chiqish uchun qulay platsdarm sifatida ko‘rish mumkin. Uchinchidan, Bolgariyaning Yevropa Markaziy banki bilan munosabatlarni qanday yo‘lga qo‘yayotganini kuzatish foydali – agarda O‘zbekiston global moliyaviy institutlarga integratsiyasini chuqurlashtiradigan bo‘lsa, bu kelajakda qimmatli tajriba bo‘lishi mumkin.
* Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.