15-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI)da Fulbright dasturi bo‘yicha taklif etilgan mutaxassis – Yuta universiteti Siyosatshunoslik professori Kenneth Holland bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda IXTI direktori Akram Umarov, Amerika tadqiqotlari markazi rahbari Ulug‘bek Ishanxodjaev hamda yetakchi ilmiy xodim Shahzoda Jumaniyazova ishtirok etdilar. Shuningdek, Toshkentdagi AQSh elchixonasi vakillari Anna Balog va Muhlisa Rasulova ham qatnashdilar.
Ishtirokchilar shu kabi uchrashuvlarning akademik va ekspert aloqalarni mustahkamlashdagi, shuningdek ikki davlat ilmiy doiralari o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni chuqurlashtirishdagi ahamiyatini ta’kidladilar. Mazkur uchrashuv Universitet va IXTI faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek Amerika tadqiqotlari markazini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashish uchun muhim maydon bo‘ldi. Akademik hamkorlik, qo‘shma tadqiqot tashabbuslari hamda o‘zbek va xorijiy ekspertlar o‘rtasida tajriba almashinuviga xizmat qiladigan tadbirlarni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muloqotni davom ettirish va xalqaro tadqiqotlar sohasida ekspert hamkorligini kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ta’kidlandiki, Fulbright dasturi ilmiy hamkorlik va professional almashinuvni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar ochib bermoqda.