Joriy yilning 2-aprel kuni JIDU huzuridagi IXTI direktor o‘rinbosari Odil Gafarov hamda ilmiy xodimlar Mushtariy Usmonova va Odilbek Manabov “Le Figaro”, “France 24” va “Radio France Internationale” kabi yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilib kelayotgan fransiyalik jurnalist Rejis Jante bilan uchrashdilar.
Suhbat davomida Rejis Jante o‘z kasbiy faoliyati haqida so‘zlab, uzoq vaqtdan beri Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi siyosiy va ijtimoiy jarayonlarni yoritib kelayotganini qayd etdi. Shuningdek, u turli tadqiqot markazlari va ekspert platformalari bilan hamkorlik qilishi jurnalistik faoliyatini mintaqa kun tartibini chuqur tahliliy o‘rganish bilan birga olib borish imkonini berishini ta’kidladi.
Shu nuqtai nazardan, tomonlar joriy siyosiy jarayonlar, mintaqaviy dinamikaning o‘zgarishi hamda Markaziy Osiyoning Yevropa ekspert-media makonida idrok etilishi xususiyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuvda ekspert-tahliliy hamkorlik masalalariga, shuningdek, mintaqada yuz berayotgan jarayonlar haqida kengroq tushunchani shakllantirishda sifatli jurnalistikaning o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini ham ko‘rib chiqdilar. Xususan, o‘zaro professional qiziqish uyg‘otadigan anjumanlar, ekspert muhokamalari va boshqa ilmiy-tahliliy tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.