JIDUda “Turkiy dunyo muloqoti: mushtarak kelajak, umumiy qarash” mavzusida yuqori darajadagi anjuman bo‘lib o‘tdi

JIDUda “Turkiy dunyo muloqoti: mushtarak kelajak, umumiy qarash” mavzusida yuqori darajadagi anjuman bo‘lib o‘tdi

news_in

Joriy yilning 29-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Turkiy dunyo muloqoti: mushtarak kelajak, umumiy qarash” mavzusida yuqori darajadagi anjuman bo‘lib o‘tdi. Anqara shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 13-sammitiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilgan tadbirda diplomatik, akademik va media sohalari vakillari ishtirok etdi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda turkiy dunyo hamkorligining muhim asosi bo‘lgan mushtarak tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash, shuningdek, zamonaviy global va mintaqaviy jarayonlar muhokama qilindi.

Muloqot davomida mintaqaviy va global vaziyat, iqtisodiy-siyosiy o‘zaro bog‘liqlik, raqamli transformatsiya hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, axborot makonida xavfsizlikni ta’minlash, dezinformatsiya va raqamli manipulyatsiyaga qarshi kurashish hamda turkiy davlatlar o‘rtasidagi axborot almashinuvini yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev hamda Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ufuk Ulutash o‘z chiqishlarida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik, shuningdek, turkiy davlatlar hamkorligini yanada rivojlantirishning ahamiyatini ta’kidladilar. Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Burxoniddin Duran anjuman ishtirokchilariga video murojaat yo‘lladi.

“Anadolu” agentligi Bosh direktori o‘rinbosari va Bosh muharriri Yusuf O‘zxon moderatorligida o‘tkazilgan asosiy sessiyada Kappadokiya universiteti rektori Hasan Ali Qorasar, O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vaxabov, Anqara Hoji Bayram Vali universiteti dekani Firot Purtosh hamda JIDU professori Ulug‘bek Xasanov ishtirok etib, turkiy dunyo hamkorligining istiqbollari yuzasidan o‘z tahliliy qarashlarini bildirdilar.

Muhokamalar yakunida axborot, ta’lim va raqamli texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Anjumanda bildirilgan fikr va tavsiyalar Anqarada bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 13-sammiti kun tartibini mazmunan boyitishga xizmat qilishi kutilmoqda.

OAV:

TRT Uzbekistan

UzReport

Renessans

Dunyo

UzA