2026-yil 28-iyundan 3-iyulgacha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) hamda Ilg‘or xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Shandun provinsiyasi, Sindao shahriga xizmat safari bilan tashrif buyurdi. Tashrif davomida delegatsiya Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) doirasida ilmiy-texnikaviy, innovatsion va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan qator xalqaro tadbirlarda ishtirok etdi.
Delegatsiya tarkibidan JIDU rektori maslahatchisi Amanbay Turdimatov hamda IXTI ilmiy xodimi Madinaxon Alimovao‘rin oldi.
Tashrif doirasida delegatsiya davlat organlari, ilmiy muassasalar, universitetlar va ShHTga a’zo davlatlarning tahliliy markazlari vakillarini birlashtirgan “Xitoy-ShHT” ilmiy-texnikaviy va innovatsion hamkorlik konferensiyasi ishida qatnashdi. Konferensiyada qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, texnologiyalar transferi, sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, kadrlar tayyorlash hamda ilmiy almashinuvni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Delegatsiya, shuningdek, oliy ta’limni internatsionallashtirish, akademik mobillikni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan Ta’lim sohasidagi hamkorlik bo‘yicha xalqaro seminarda ham ishtirok etdi.
Tadbirlar doirasida Xitoyning yetakchi universitetlari va ilmiy-ta’lim muassasalari vakillari bilan qator ishchi uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, delegatsiya “Aston Group” direktorlar kengashi raisi, “Xitoy-ShHT” ilmiy-texnikaviy va innovatsion hamkorlik markazi vakili Jao Junyuan bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida JIDU, IXTI va Markaz o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, xususan, Xitoy universitetlari va ilmiy tashkilotlari bilan sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda akademik almashinuvlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Dastur doirasida delegatsiya Sindao shahridagi Pekin til va madaniyat universitetining Jahon xitoyshunoslik markaziga ham tashrif buyurdi. Tashrif davomida markaz faoliyati bilan yaqindan tanishilib, xitoyshunoslik yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish, akademik almashinuvlar, stajirovkalar hamda qo‘shma ilmiy tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur xizmat safari JIDU va IXTIning xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, Xitoyning yetakchi ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, fan, innovatsiyalar, ta’lim va tahliliy tadqiqotlar sohalarida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qildi.