JIDU va IXTI O‘zbekistonda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan uchrashuv o‘tkazdi

JIDU va IXTI O‘zbekistonda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan uchrashuv o‘tkazdi

news_in

28-avgust kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekistondagi Fransiya taraqqiyot agentligining (FTA) direktori Olivye Grandvuane hamda o‘rmon, sug‘orish va iqlim yo‘nalishlari bo‘yicha loyihalar rahbari Adelaid Noden bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda JIDU birinchi prorektori va IXTI direktori Akram Umarov, IXTI direktori o‘rinbosari Odil Gafarov, JIDU Xalqaro iqtisodiyot kafedrasi mudiri Laylo Toshpo‘latova, JIDU Xalqaro akademik hamkorlik ofisi rahbari Gavhar Mirxalilova, shuningdek, IXTI yetakchi ilmiy xodimi Mushtariy Usmonova ishtirok etdi.

 

Suhbat davomida FTA vakillari O‘zbekistonda olib borayotgan faoliyatlarini batafsil yoritib berdilar. Suvdan foydalanish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, sug‘orish tizimlari samaradorligini oshirish va iqlim o‘zgarishi sharoitida ekologik yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan Markaziy Osiyoda suv resurslarini barqaror boshqarishni qo‘llab-quvvatlash loyihasiga alohida e’tibor qaratildi.

 

O‘z navbatida, JIDU vakillari transchegaraviy suv boshqaruvining murakkab vazifalarini hal qilishga qodir mutaxassislarni tayyorlashga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganiga javoban universitetda ishlab chiqilgan suv diplomatiyasi bo‘yicha magistratura dasturini taqdim etdilar. Shuningdek, IXTIning suv muammolari, mintaqaviy muvofiqlashtirish va ushbu sohadagi xalqaro hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan faoliyati ham namoyish etildi.

 

Tomonlar iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bilan bog‘liq muammolarni hal etishda kuchlarni birlashtirish muhimligini ta’kidladilar. Hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha qo‘shma tadbirlar, ekspertlar muhokamalari va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.