24-iyul kuni Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutining (IXTI) Strategik bog‘liqlik markazi “O‘zbekiston – Gruziya: hamkorlikning yangi ufqlari sari” mavzusida ekspertlar vebinarini o‘tkazdi. Tadbir O‘zbekiston-Gruziya munosabatlarining siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika va gumanitar sohalardagi bugungi holati hamda istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlandi. IXTI direktori, JIDU birinchi prorektori Akram Umarov tadbirni kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Vebinar ishida O‘zbekiston va Gruziyadan ekspertlar ishtirok etdi. Gruziya strategik va xalqaro tadqiqotlar jamg‘armasining katta ilmiy xodimi Georgiy Badridze zamonaviy geosiyosiy jarayonlar sharoitida ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarning rivojlanishiga baho berdi. Kavkaz xalqaro universiteti professori Vaxtang Maysaya esa strategik sheriklikning savdo-iqtisodiy jihatlarini ko‘rib chiqdi. Strategik bog‘liqlik markazi rahbari Nargiza Umarova O‘zbekiston va Gruziyaning mintaqaviy transport va tranzit yo‘laklarini shakllantirishdagi hamkorlik salohiyati to‘g‘risida ma’ruza qildi.
O‘rta yo‘lakni amaliy jihatdan rivojlantirish hamda transport bog‘liqligini barqaror iqtisodiy hamkorlik tizimiga aylantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Savdo va transport bog‘liqligi bo‘yicha ekspert Shota Gelashvili O‘zbekiston-Gruziya sherikligining amaliy jihatlarini yoritib bergan bo‘lsa, IXTI Antropologiya va konfliktologiya laboratoriyasi rahbari Azamat Seitov ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar hamkorlik va fuqarolik jamiyati o‘zaro aloqalarining istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash va ekspertlar hamkorligining yangi shakllarini rivojlantirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.