1-10 oktabr kunlari Energetika diplomatiyasi va geosiyosati markazi rahbari Hayotjon Ibragimov va Strategik bog‘liqlik markazi rahbari Nargiza Umarova Ozarbayjon va Gruziyaga xizmat safari bilan bordi. Tashrif maqsadi ikki mamlakatning ilmiy-ta’lim va tahlil markazlari bilan kasbiy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, transport-logistika va energetika aloqalarini mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashishdan iborat edi.
Boku va Tbilisida akademik va ekspertlar hamjamiyati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda mintaqalararo hamkorlik, “Markaziy Osiyo – Janubiy Kavkaz – Yevropa” o‘qi bo‘ylab transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, O‘rta (Transkaspiy) yo‘lagi salohiyati, shuningdek, investitsiyaviy va energetik hamkorlik, jumladan “yashil” energetika yo‘nalishlari muhokama qilindi. Infratuzilmaviy loyihalarni muvofiqlashtirish va strategik kommunikatsiyalar sohasida tajriba almashishga alohida e’tibor qaratildi.
2-oktyabr kuni IXTI va Bokudagi STEM tahliliy markazining qo‘shma tashabbusi bilan “Ozarbayjon-O‘zbekiston ekspert muloqoti: strategiyalar, muammolar, yechimlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Hayotjon Ibragimov O‘zbekistonning yangi energetika strategiyasi va Janubiy Kavkaz davlatlari bilan hamkorlik istiqbollari haqida ma’ruza qildi. Nargiza Umarova esa o‘z navbatida, janubiy va g‘arbiy yo‘nalishlardagi trans-Markaziy Osiyo tranzit yo‘laklarining salohiyati haqida so‘zladi. Muhokama davomida ishtirokchilar savdo va investitsiyalarni kengaytirish yo‘llari yuzasidan fikr almashdilar hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik ustuvor logistika va energetika loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun asos yaratishiga kelishib oldilar.
Dastur doirasida delegatsiya Boku (Alyat) va Poti xalqaro dengiz portlariga tashrif buyurib, Markaziy Osiyodan Yevropaga yuklarni tranzit qilish uchun terminal infratuzilmasi va logistika aloqalari imkoniyatlari bilan tanishdi. Tashriflar yakunida logistika va energetika sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.
Tomonlar ekspertlar almashinuvini davom ettirish, qo‘shma tahliliy materiallar tayyorlash, mavzuga oid davra suhbatlari va seminarlar o‘tkazishni ko‘rib chiqishga kelishib oldilar. Tashrif yakunida mintaqalararo transport va energetika bog‘liqligini mustahkamlashga xizmat qiladigan tashabbuslarni yanada chuqurroq ishlab chiqish uchun yo‘nalishlar belgilab olindi.