5–12-mart kunlari IXTI direktori o‘rinbosari Odil Gafarov va Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlari markazi rahbari Abbos Boboxonov xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash hamda zamonaviy geosiyosiy jarayonlar yuzasidan ekspertlar muloqotini kengaytirish maqsadida Buyuk Britaniyaga ishchi tashrif bilan bordi.
Tashrifning markaziy tadbirlaridan biri Oksford universiteti huzuridagi Oksford Xitoy markazi mezbonligida “Mapping Global China” ishchi guruhi ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbati bo‘ldi. Unda Xitoyning global miqyosdagi mavqei, xalqaro institutlarning transformatsiyasi hamda Markaziy Osiyoda kechayotgan siyosiy-iqtisodiy jarayonlarni muhokama qilish uchun yetakchi olimlar yig‘ildi.
Davra suhbati davomida ishtirokchilar Xitoyning xalqaro maydondagi, xususan, xavfsizlik, diplomatiya va gumanitar sohalardagi rolini o‘rganish tobora murakkablashib borayotgani yuzasidan fikr almashdi. Xitoyning Markaziy Osiyodagi ta’siri kengayib borayotganiga, “C5+1” kabi mintaqaviy formatlarning rivojlanishiga hamda global kuchlar muvozanatidagi o‘zgarishlarning mintaqa uchun kengroq oqibatlariga alohida e’tibor qaratildi. Muhokamalarda Xitoy va Yevroosiyo masalalari bo‘yicha chuqur, dalillarga asoslangan xalqaro ilmiy hamkorlik muhimligi ta’kidlandi.
Tashrif doirasida IXTI vakillari Oksford Xitoy markazi, London universitetining Sharqshunoslik va afrikashunoslik maktabi (SOAS), London Qirollik kolleji huzuridagi Lau Xitoy instituti, Kembrij universiteti olimi hamda Syurix universiteti qoshidagi Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari kabi bir qator nufuzli ilmiy muassasalar va ekspertlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvlar IXTIning tadqiqot faoliyati bilan tanishtirish, shuningdek, Xitoyning Markaziy Osiyodagi o‘rni, mintaqaviy xavfsizlik, migratsiya, institutsional transformatsiya va tashqi siyosatdagi yangi tendensiyalar kabi dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashish imkonini berdi.
Tashrif davomida kelajakdagi hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishga alohida urg‘u berildi. Muhokamalar qo‘shma ilmiy tadbirlar, onlayn seminarlar va davra suhbatlari tashkil etish, olimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, rahbar kadrlar uchun malaka oshirish dasturlari, hamkorlikdagi nashrlar hamda uzoq muddatli tadqiqot loyihalariga qaratildi. Uchrashuvlar barqaror institutsional hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan o‘zaro manfaatdorlik yuqori ekanini tasdiqladi hamda IXTI bilan Buyuk Britaniya yetakchi ilmiy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish uchun zamin yaratdi.