IXTIda Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO), Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, “Oliy iqtisodiyot maktabi” milliy tadqiqot universiteti va A.M. Gorchakov nomidagi ommaviy diplomatiyani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda ilmiy-ekspertlik va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Gorchakov jamg‘armasining yillik tadbirlari doirasida o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Markaziy Osiyo bo‘yicha maktabda o‘zbekistonlik ekspertlar, talabalar va yosh tadqiqotchilarning ishtiroki muhokama qilindi. Ushbu format Markaziy Osiyo masalalari bilan shug‘ullanuvchi yosh mutaxassislar o‘rtasida kasbiy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, tadqiqot yondashuvlari va ilmiy ishlar natijalari bilan o‘rtoqlashish uchun maydoncha sifatida qaraladi. Gorchakov jamg‘armasining “Osiyo muloqoti” yillik ekspert tadbirida ishtirok etish imkoniyati alohida ko‘rib chiqildi.
MGIMO bilan hamkorlikni muhokama qilish doirasida Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo oliy ta’lim muassasalari hamda tadqiqot tuzilmalari ishtirokida ko‘p tomonlama hamkorlik formatini shakllantirish istiqbollariga to‘xtalib o‘tildi. Bunday format muntazam akademik va ekspertlar muloqotini rivojlantirish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvi, shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar bo‘yicha qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha aloqalarni yanada rivojlantirish va hamkorlikning aniq formatlarini ishlab chiqishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.