13-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutida (IXTI) Fudan universiteti dotsenti, SHHTni o‘rganish markazi hamda Rossiya va Markaziy Osiyoni o‘rganish markazi direktori o‘rinbosari, doktor Ma Bin bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv IXTI, JIDU va Fudan universiteti o‘rtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.
Muhokama davomida doktor Ma Bin Fudan universitetining tadqiqot tuzilmasi bilan tanishtirar ekan, uning Markaziy Osiyodagi akademik va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladi. IXTI va JIDUning magistratura talabalari, doktorantlari va yosh tadqiqotchilarining Fudan universitetiga qisqa va o‘rta muddatli ilmiy safarlarini tashkil etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar, shuningdek, Markaziy Osiyodagi strategik transport bog‘liqligi bo‘yicha qo‘shma tahliliy hisobot tayyorlash imkoniyatini ham muhokama qildilar. Bunda infratuzilma yo‘laklari, jumladan, “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li hamda kengroq Yevroosiyo transport yo‘nalishlariga alohida ahamiyat berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar akademik mobillik, qo‘shma konferensiyalar, tahliliy nashrlar, Markaziy Osiyo va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha ilmiy hamkorlik kabi yo‘nalishlarda yanada hamkorlik qilishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Ular, shuningdek, IXTI va Fudan universiteti o‘rtasidagi hamkorlik memorandumining loyihasi ustida ishlashni davom ettirishga kelishib oldilar.