IXTI rahbariyati MOXIda bo‘lib o‘tgan Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb ishtirokidagi Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mamlakatlari hamkorligi bo‘yicha davra suhbatida ishtirok etdi

IXTI rahbariyati MOXIda bo‘lib o‘tgan Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb ishtirokidagi Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mamlakatlari hamkorligi bo‘yicha davra suhbatida ishtirok etdi

news_in

31-oktyabr kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) Finlandiya Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Finlandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb ishtirokida “Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa mamlakatlari: hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda Finlandiya parlamenti deputati, parlamentdagi O‘zbekiston bilan do‘stlik guruhi raisi Ville Skinnari, Marti Axtisaari nomidagi Tinchlik jamg‘armasi dasturlari rahbari Oskar Eronen, Finlandiya Prezidenti devonining tinchlik vositachiligi masalalari bo‘yicha direktori Ville Brummer, shuningdek, O‘zbekistonning yetakchi tadqiqot va tahlil markazlari rahbarlari ishtirok etdilar.

 

MOXI ijrochi direktori Javlon Vahabov kirish so‘zida MOXI maydonining Markaziy Osiyo va Shimoliy Yevropa o‘rtasidagi barqaror muloqot mexanizmi sifatidagi ahamiyatini ta’kidlab, islohotlar, barqaror rivojlanish va mintaqaviy integratsiya sohasida muntazam tajriba almashishning muhimligini qayd etdi. Prezident Aleksandr Stubb “jahon tortishish markazi”ning Sharq tomonga siljishi va Markaziy Osiyoning yetakchi davlatlar manfaatlari kesishadigan hudud sifatidagi roliga e’tibor qaratdi. U O‘zbekistondagi o‘zgarishlar sur’atini yuqori baholab, mintaqa mamlakatlarining tajriba almashish va suverenitetini mustahkamlash platformasi sifatida “C5+Shimoliy Yevropa” formatini institutsionallashtirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.

 

IXTI direktori Akram Umarov o‘z nutqida Markaziy Osiyo asta-sekin izolyatsiyalangan ichki mintaqa bo‘lishdan to‘xtab, Yevroosiyoning asosiy bog‘lovchi tugunlaridan biriga aylanib borayotganini ta’kidladi. U mintaqaviylikning o‘sishi, ikki va uch tomonlama hamkorlik formatlarining kengayishi, shuningdek, SHHT va Turkiy davlatlar tashkiloti singari tuzilmalarning Markaziy Osiyo va tashqi hamkorlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yangi me’morchiligini shakllantirishdagi roli ortib borayotganini qayd etdi.

 

Davra suhbati ishtirokchilari “C5+Shimoliy Yevropa” formatini rivojlantirish istiqbollari, institutsional islohotlar, ta’lim, yashil iqtisodiyot va raqamlashtirish sohalarida Shimoliy Yevropa tajribasini qo‘llash imkoniyatlari, shuningdek, global tartib o‘zgarishi sharoitida mintaqalararo ishonch va muvofiqlashtiruvni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.