IXTI Markaziy Osiyo kelajagini muhokama qilish uchun Yevropa va Xitoyning yetakchi tadqiqot markazlarini birlashtirdi

IXTI Markaziy Osiyo kelajagini muhokama qilish uchun Yevropa va Xitoyning yetakchi tadqiqot markazlarini birlashtirdi

news_in

17-sentyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) “Global zanjirlar va strategik barqarorlik: geosiyosiy xatarlar, texnologik raqobat va mintaqaviy integratsiya davrida Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Markaziy Osiyo” mavzusida xalqaro onlayn davra suhbatini o‘tkazdi.

 

Muhokamalarda IXTI rahbariyati va ekspertlari bilan bir qatorda Yevropa Osiyo tadqiqotlari instituti (Bryussel), Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti, Shvetsiya mudofaa tadqiqotlari universiteti, Ibn Xaldun universiteti (Istanbul), Fudan universiteti (Shanxay) tadqiqotchilari va tahlilchilari ishtirok etdilar.

 

Birinchi panel doirasida “de-risking” strategiyasi va iqtisodiy aloqalarning siyosiylashuvi chuqurlashuvi sharoitida Yevropa Ittifoqi va Xitoy munosabatlarining o‘zgarishi muhokama qilindi. Ekspertlar o‘zaro ishonchsizlik ortib borayotganiga qaramay, tomonlar bir-biriga obyektiv ravishda muhtoj bo‘lgan sohalar, xususan, iqlim va “yashil” kun tartibi, raqamli transformatsiya va infratuzilmani rivojlantirish, saqlanib qolayotganini ta’kidladilar. Markaziy Osiyoning Yevropa va Xitoy o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in sifatidagi o‘sib borayotgan roliga alohida e’tibor qaratildi.

 

Ikkinchi panel nafaqat tranzit yo‘lagi, balki ko‘p vektorli diplomatiya subyekti sifatida ko‘rib chiqilayotgan Markaziy Osiyoning strategik holatiga bag‘ishlandi. Transport yo‘nalishlari barqarorligi istiqbollari, Ukraina mojarosining Yevrosiyo yo‘laklari rivojlanishiga ta’siri, shuningdek, xom ashyoga qaramlik muammolari va yuqori qo‘shilgan qiymatga o‘tish zarurati muhokama qilindi. Ekspertlar mintaqa ichki integratsiyani kuchaytirsa va barqaror hamkorlikning yangi modellarini shakllantirsa, tashqi kuchlar manfaatlaridan foyda olishi mumkinligini ta’kidladilar.

 

Davra suhbati yakunida Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasida saqlanib qolayotgan kelishmovchiliklarga qaramay, aynan Markaziy Osiyo pragmatik hamkorlik va o‘zaro manfaatli yechimlarni shakllantirish uchun maydon taklif etishga qodir ekani ta’kidlandi. Qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, raqamlashtirish, infratuzilma loyihalari va resurslarni barqaror boshqarishning yangi mexanizmlari istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.