14-aprel kuni IXTIda London universitetining sharqshunoslik va afrikashunoslik maktabi katta o‘qituvchisi, Zamonaviy Markaziy Osiyo va Kavkaz tadqiqotlari markazining ilmiy xodimi doktor Bhavna Dave bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Doktor Dave Yevroosiyo geosiyosati, Rossiya–Markaziy Osiyo munosabatlari, Xitoyning mintaqadagi o‘rni, shuningdek, mehnat migratsiyasi va identiklik siyosati bo‘yicha dunyo miqyosida tan olingan xalqaro ekspertdir.
Uchrashuv IXTI/JIDU va London universitetining sharqshunoslik va afrikashunoslik maktabi o‘rtasidagi ilmiyhamkorlik istiqbollariga bag‘ishlandi. Doktor Dave Nazarboyev universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma magistratura dasturini taqdim etar ekan, talabalar ishtirokining geografik qamrovini kengaytirishga, jumladan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan talabalarni ko‘proq jalb etishga qiziqish bildirdi.
Tomonlar, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlari, almashinuv semestrlari, akademik mobillik hamda xalqaro xavfsizlik, energetika siyosati, iqlim o‘zgarishini o‘rganish va mintaqashunoslik yo‘nalishlaridagi magistratura dasturlarini kelajakda rivojlantirish kabi sohalarda hamkorlikning mumkin bo‘lgan shakllarini muhokama qildilar. Uchrashuvda ilmiy sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha muloqotni davom ettirish va amaliy takliflar ishlab chiqishdan o‘zaro manfaatdorlik tasdiqlandi.