2026-yil 18-may kuni Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) tomonidan Tampere universiteti (Finlandiya) Biznesva menejment fakulteti tadqiqotchisi Ismaël Maazaz ishtirokida “Frontier Talks” navbatdagi sessiyasi tashkil etildi. Seminar zamonaviy suv boshqaruvi muammolari, iqlim bilan bog‘liq falokatlar hamda suv resurslarini boshqarishning tobora kuchayib borayotgan siyosiy va ijtimoiy jihatlariga bag‘ishlandi.
Muhokamalar davomida iqlim o‘zgarishi, aholi sonining ortishi, urbanizatsiya va suvga bo‘lgan talabning oshishi natijasida global suv tizimlariga bosim kuchayib borayotgani ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, dunyoning turli mintaqalarida suv xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar va iqlim falokatlarining ko‘payib borayotganiga alohida e’tibor qaratildi.
Seminarning muhim qismi Markaziy Osiyo va Global Janub davlatlarida suv boshqaruvi masalalariga bag‘ishlandi. Xususan, ishtirokchilar podsho Rossiyasi va Sovet davrida suv tizimlarining tarixiy transformatsiyasi, yirik irrigatsiya loyihalarining mintaqaviy ekotizimlarga uzoq muddatli ta’siri hamda transchegaraviy suv boshqaruvi bilan bog‘liq zamonaviy muammalarni muhokama qildilar. Qoraqalpog‘iston misoli va mintaqaning umumiy suv resurslariga bog‘liqligi masalasiga alohida urg‘u berildi.
Seminar davomida suvga kirish imkoniyati nafaqat infratuzilma va texnik boshqaruv, balki ijtimoiy munosabatlar, tengsizlik, boshqaruv amaliyotlari va kundalik moslashuv mexanizmlari bilan ham belgilanishi ta’kidlandi. Ishtirokchilar suv boshqaruvini o‘rganishda fanlararo va inson markazidagi yondashuvlarning muhimligini qayd etdilar.
Sessiya yakunida iqlim o‘zgarishi va mintaqaviy rivojlanish sharoitida suv boshqaruvining ortib borayotgan strategik ahamiyati muhokama qilindi. “Frontier Talks” sessiyasi suv boshqaruvining siyosiy, ijtimoiy va ekologik jihatlari bo‘yicha akademik fikr almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.