13-may kuni Rossiya Fanlar akademiyasining Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti tashkil etilganining 60 yilligiga bag‘ishlangan “Markaziy Osiyo va Yevroosiyodagi yangi xavfsizlik arxitekturasi”mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ilmiy tadbir ishida JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti xodimlari hamda Rossiya Fanlar akademiyasining Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti, Tashqi siyosiy tadqiqotlari va xalqaro tashabbuslar markazi hamda Markaziy Osiyo xalqaro instituti vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati doirasida mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikning dolzarb masalalari, jumladan, Markaziy Osiyoda suv xavfsizligi muammolari, mavjud chaqiriq va xatarlar hamda mintaqaning barqaror rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Mintaqa mamlakatlari va Rossiyaning Yevroosiyo o‘zaro hamkorlik tizimidagi hamkorligiga, shuningdek, yoqilg‘i-energetika majmuasining mintaqa davlatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy omili sifatidagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar, shuningdek, global o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo mamlakatlarining energetik xavfsizligi va iqtisodiy barqarorligi masalalarini, mintaqadagi tashqi ishtirokchilar rolidagi o‘zgarishlarni, Rossiya va O‘zbekiston yoshlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik muloqotini rivojlantirish salohiyatini hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash nuqtai nazaridan Xitoy-Afg‘oniston hamkorligining bugungi holatini muhokama qildilar. Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyga alohida urg‘u bergan holda, Eron inqirozining energetika bozoriga ta’siriga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirib, bu kabi uchrashuvlarni ham onlayn, ham oflayn shakllarda o‘tkazish amaliyotini davom ettirishga kelishib oldilar.