JIDU huzuridagi IXTI, SMTI va PeaceNexus bilan hamkorlikda Termiz muloqoti doirasida mintaqaviy o‘zlikni anglashga bag‘ishlangan ekspertlar seminarini o‘tkazdi

JIDU huzuridagi IXTI, SMTI va PeaceNexus bilan hamkorlikda Termiz muloqoti doirasida mintaqaviy o‘zlikni anglashga bag‘ishlangan ekspertlar seminarini o‘tkazdi

news_in

5-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Markaziy Osiyoda barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashning muhim omili sifatida mintaqaviy o‘zlikni shakllantirish va mustahkamlash”mavzusida ekspertlar seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda PeaceNexus jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda Termiz muloqoti doirasida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, smti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov hamda PeaceNexus jamg‘armasi vakili Qanat Abdiyev ishtirokchilarga tabrik so‘zi bilan murojaat qildi. Seminar davomida O‘zbekiston tomoni tayyorlagan Markaziy Osiyo mintaqaviy o‘zligini shakllantirish va mustahkamlash konsepsiyasi loyihasi taqdim etildi, shuningdek, uning maqsadlari, tuzilmasi, asosiy qoidalari va yanada takomillashtirish yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Ekspertlar muhokamasi chog‘ida milliy va mintaqaviy o‘zlikning o‘zaro nisbati, mavjud stereotiplarni bartaraf etish, mintaqa aholisida daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish, shuningdek, axborot makonida mintaqaviy o‘zlik g‘oyasini ilgari surish uchun kelishilgan narrativlarni ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar, shuningdek, Konsepsiyani mamlakat va mintaqa darajasida muhokama qilishda inobatga olinishi zarur bo‘lgan ehtimoliy muammolar, xatarlar va nozik jihatlarni ko‘rib chiqdilar.

Alohida sessiya mintaqaviy o‘zlik masalalari bo‘yicha sotsiologik tadqiqot metodologiyasi taqdimotiga bag‘ishlandi. Mazkur tadqiqot Konsepsiyani takomillashtirish hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonda mintaqaviy o‘zlikning idrok etilishini chuqurroq anglash uchun qo‘shimcha empirik asos yaratishga xizmat qiladi.

Seminar yakunida ishtirokchilar milliy istiqbollar, ekspert baholari va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda Konsepsiyani ishlab chiqishda inklyuziv va hamkorlikdagi yondashuv muhim ekanini ta’kidladilar.