16-aprel kuni IXTI va JIDU vakillari hamda Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vazirligi Iqtisodiyot instituti ekspertlari ishtirokida videokonferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda JIDU va PTRI tomonidan “Xalqaro iqtisodiyot”, “Tizimli tahlil va matematik modellashtirish”, “Xalqaro moliya va investitsiyalar” kafedralari rahbarlari va professor-o‘qituvchilari, shuningdek, IXTI Iqtisodiy diplomatiya markazi xodimlari qatnashdi. Ozarbayjon tomonini Iqtisodiyot institutining iqtisodiy siyosat, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, hududiy rivojlanish, ishbilarmonlik muhitini tartibga solish, tashqi iqtisodiy faoliyat hamda xalqaro aloqalar masalalari bilan shug‘ullanuvchi tegishli bo‘linmalari rahbarlari va yetakchi ilmiy xodimlari taqdim etdi.
Videokonferensiya davomida tomonlar ikki tomonlama ilmiy-akademik hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi. Xususan, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, xalqaro ilmiy jurnallarda hammualliflikda maqolalar tayyorlash, shuningdek, qiyosiy va hududlararo tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Akademik mobillikni rivojlantirish, jumladan, qisqa muddatli tadqiqot safarlarini uyushtirish, mehmon ma’ruzalari o‘tkazish va ilmiy seminarlarda ishtirok etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, tomonlar hududiy va global rivojlanishning dolzarb masalalari bo‘yicha ilmiy tadbirlar – anjumanlar, davra suhbatlari va ekspert muhokamalarini birgalikda tashkil etishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Xalqaro grant dasturlarida ishtirok etish va ekspertlar muloqotini rivojlantirish, jumladan, qo‘shma tahliliy materiallar va maslahatlar tayyorlash ham hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikning belgilangan yo‘nalishlarini bosqichma-bosqich ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu esa JIDU, IXTI va Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vazirligi Iqtisodiyot instituti o‘rtasidagi institutsional va ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun zamin yaratadi.