1-3-iyul kunlari Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti Iqtisodiy diplomatiya markazi rahbari Gavxar Sultanova Shveysariyaning Jeneva shahrida Jahon savdo tashkiloti tomonidan tashkil etilgan WTO Chairs Programme 2026 Annual Conference yillik konferensiyasida ishtirok etdi.
WTO Chairs Programme yillik konferensiyasi JST kotibiyati, WCP tarmog‘i vakillari, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda yetakchi universitetlar o‘rtasida akademik va ekspert hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro platformalardan biri hisoblanadi. Konferensiya doirasida ko‘p tomonlama savdo tizimini rivojlantirish, JST islohotlari, xalqaro savdoning raqamli transformatsiyasi, inklyuziv o‘sish, barqaror rivojlanish hamda savdo siyosatini shakllantirishda amaliy tadqiqotlarning o‘rni kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tadbir davomida JSTning 14-Vazirlar konferensiyasi yakunlari, World Trade Report 2026, raqamli savdo va uni tartibga solishning normativ-huquqiy asoslari, WTO Chairs Programme doirasida hamkorlikni kengaytirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish hamda JSTning texnik ko‘mak mexanizmlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan tematik sessiyalar tashkil etildi. Shuningdek, mintaqalararo ilmiy hamkorlikni chuqurlashtirish, akademik doiralar, ekspertlar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
IXTI Iqtisodiy diplomatiya markazi rahbarining ushbu konferensiyada ishtiroki JST vakillari, WTO Chairs Programme tarmog‘i ishtirokchilari hamda Osiyo, Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining ilmiy-tadqiqot institutlari bilan professional va akademik aloqalarni mustahkamlash imkonini berdi. Konferensiya davomida olingan materiallar, ekspert xulosalari va muhokama natijalari Institutning ilmiy-tadqiqot, ta’lim va ekspert-tahliliy faoliyatida, xususan, xalqaro savdo, iqtisodiy diplomatiya, raqamli savdo hamda O‘zbekistonning global savdo-iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvi bo‘yicha tadqiqotlarda foydalaniladi.