23-27 iyun kunlari Fazliddin Djamalov ishtirokidagi JIDU/IXTI delegatsiyasi Istanbulda “Turkiy dunyo ravnaqi” nomli Turkiy dunyoning ikkinchi yozgi maktabida qatnashdi. Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjon, Turkiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Hindiston, Xitoy, Afrika mamlakatlari va boshqa hududlardan 100 dan ortiq tinglovchi ishtirok etdi.
Yozgi maktab Ibn Xaldun universiteti qoshidagi Haydar Aliyev nomidagi Yevroosiyo tadqiqotlari markazi negizida o‘tkazildi. Dastur Turkiy davlatlar tashkiloti ko‘magida va turkiy dunyoning bir qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari: ADA universiteti (Ozarbayjon), Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (O‘zbekiston), Uskudar universiteti huzuridagi Strategik va amaliy tadqiqotlar markazi (Turkiya) hamda Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti (Qozog‘iston) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Yozgi maktab doirasida mutaxassislarning ma’ruzalari TDT salohiyatini kengaytirishning turli jihatlari va Tashkilotga a’zo mamlakatlarning dolzarb muammolariga bag‘ishlandi. Ma’ruzalar zamonaviy dunyoda TDTning o‘rni, milliy o‘ziga xoslik masalalari va til muammosi, iqtisodiyot va savdo, o‘rta koridor, sun’iy intellekt, TDTni rivojlantirish istiqbollari kabi yo‘nalishlarga bo‘lindi. Fazliddin Djamalov Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va uning TDT tizimidagi o‘rni mavzusida ma’ruza qildi.
Shuningdek, turkiy dunyo tadqiqotchilari tomonidan tayyorlangan ilmiy nashrlar taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir davomida Xalqaro tadqiqotlar muammolari instituti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan nashr etilgan so‘nggi ilmiy asarlar haqida ham ma’lumot berildi.
Turkiya va Ozarbayjon tahlil markazlari vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilib, akademik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Akademik almashinuv dasturlari, qo‘shma nashrlar, taklif etilgan tadqiqotchilar dasturlari, shuningdek, muassasalararo hamkorlikning boshqa shakllarini tashkil etish masalalari alohida qiziqish uyg‘otdi.
Ishtirokchilar ma’ruzalarning mazmuni va tayyorgarlik darajasini yuqori baholadilar hamda turkiy makonning ta’lim va tahliliy tuzilmalari o‘rtasida uzoq muddatli akademik va ilmiy hamkorlikni o‘rnatishga ishtiyoq bildirdilar.