24-oktyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) birinchi prorektori, Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) direktori Akram Umarov Toshkentdagi Britaniya menejment universitetida (BMU) o‘tkazilgan “Research in Action 2025: Research Intersections Amid Era of Complexity” xalqaro ilmiy anjumanda ishtirok etdi. Cambridge Central Asia Forum bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirga Buyuk Britaniya, Markaziy Osiyo va Hindistondan yetakchi olimlar, mutaxassislar va ilmiy doiralar vakillari tashrif buyurdi.
Anjuman global murakkablik tobora kuchayib borayotgan sharoitda mintaqaviy taraqqiyot, barqaror o‘sish, biznes, ilm-fan va muassasalarning o‘zaro hamkorligi masalalariga bag‘ishlandi.
“Forces Shaping Global & Regional Development” sessiyasi doirasida Akram Umarov Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiyaning yangi bosqichiga bag‘ishlangan ma’ruzasini taqdim etdi. U o‘z nutqida 2016-yildan so‘ng mintaqa Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida siyosiy ishonchning ortishi, diplomatik aloqalarning kuchayishi va iqtisodiy munosabatlarning erkinlashuvi bilan tavsiflanuvchi hamkorlikning yangi bosqichiga qadam qo‘yganini ta’kidladi.
Tadbir davomida global va mintaqaviy rivojlanish tendensiyalari, barqaror iqtisodiy modellar, shuningdek, Markaziy Osiyo va undan tashqaridagi mamlakatlarda institutsional islohotlar mavzulari muhokama qilindi.