12-13-iyul kunlari Shanxayda (XXR) SHHT mamlakatlari tahliliy markazlarining VI forumi bo‘lib o‘tdi. Unda IXTI Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlari markazi rahbari Abbos Boboxonov ishtirok etib, ma’ruza qildi. Shanxay siyosiy-huquqiy universiteti tomonidan Xitoy xalqaro tadqiqotlar instituti va SHHT Xitoy tadqiqotlar markazi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda SHHTga a’zo va hamkor mamlakatlarning yetakchi ilmiy va tadqiqot muassasalaridan 100 ga yaqin ekspert, olim va tahlilchi, shuningdek, BMT vakillari qatnashdi.
“Zamonaviy bosqichda SHHTning rivojlanishi: Tashkilotni transformatsiya qilish masalalari” mavzusidagi ma’ruzasida ekspert global beqarorlik sharoitida SHHT taraqqiyotining tahliliy ko‘rinishini taqdim etdi. U SHHTning o‘z faoliyatining uchinchi o‘n yilligiga qadam qo‘yayotgani, o‘zgarayotgan xalqaro munosabatlar tizimiga moslashish zaruratiga duch kelayotganini ta’kidladi. Hozirda Yevrosiyo qit’asining 65 foizidan ortig‘ini, dunyo aholisining 44 foizini qamrab olgan va umumiy yalpi ichki mahsuloti 33 trillion dollarni tashkil etayotgan tashkilot geografiyasi sezilarli darajada kengayganini qayd etib, SHHT Osiyo va boshqa strategik mintaqalar o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi bo‘g‘inga aylanib borayotganini uqtirdi.
Ma’ruzada tashkilotning kelajakdagi rivojlanish bosqichlariga alohida e’tibor qaratildi: uning institutsional tuzilmasini o‘zgartirish, ko‘p tomonlama hamkorlikni kuchaytirish va sivilizatsion xilma-xillik sharoitida umumbashariy qadriyatlarni izlash. Boboxonov yaqin yillardagi asosiy tendensiyalar SHHTni institutsional isloh qilish va yanada kengaytirish bo‘lishini ta’kidladi. Bu tashkilotga yangi funksional xususiyatlar berib, uning global boshqaruvdagi rolini kuchaytiradi.
Tashrif doirasida ekspert, shuningdek, Shanxay siyosiy va yuridik universitetining Yevrosiyo instituti direktori Li Sin hamda Shanxay xorijiy tillar universitetining Shanxay global boshqaruv va mintaqaviy tadqiqotlar akademiyasi direktori, professor Yan Chen bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar SHHT va Yevrosiyo integratsiyasi mavzulari doirasida akademik almashinuv, qo‘shma tadqiqotlar va ekspertlar hamkorligi imkoniyatlariga bag‘ishlandi.
Abbos Boboxonovning forumdagi ishtiroki IXTIning mintaqaviy ekspert tuzilmalarida O‘zbekistonning intellektual ishtirokini mustahkamlash va SHHTning muvozanatli hamda inklyuziv kun tartibini shakllantirishga hissa qo‘shish istagini namoyon etdi.