IXTIda Fransiya Siyosiy tadqiqotlar instituti eksperti Bayram Balji bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

IXTIda Fransiya Siyosiy tadqiqotlar instituti eksperti Bayram Balji bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

news_in

Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar institutida (IXTI) Fransiyaning «Sciences Po» siyosiy tadqiqotlar instituti Xalqaro tadqiqotlar markazi (CERI) tadqiqotchisi, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yaqin Sharqdagi siyosiy hamda ijtimoiy jarayonlar bo‘yicha taniqli mutaxassis Bayram Balji bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bayram Balji Markaziy Osiyo va postsovet makonini tadqiq qilish bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega. U 2006–2010-yillarda Toshkentdagi Fransiya Markaziy Osiyo tadqiqotlari institutiga (IFEAC), 2017–2022-yillarda esa Istanbuldagi Fransiya Anadolu tadqiqotlari institutiga (IFEA) rahbarlik qilgan. Uning ilmiy ishlari siyosiy transformatsiyalar, o‘zlik masalalari, din va siyosatning o‘zaro ta’siri hamda Yevroosiyodagi xalqaro munosabatlarga bag‘ishlangan.

Uchrashuv davomida asosiy e’tibor xalqaro munosabatlar rivojining zamonaviy tendensiyalariga, shuningdek, Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyatning o‘zgarishiga qaratildi. Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p vektorli tashqi siyosatini rivojlantirish va yevropalik hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish istiqbollari kabi masalalar alohida qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuv dolzarb mintaqaviy va xalqaro jarayonlar yuzasidan ekspert baholari bilan almashish, shuningdek, IXTI hamda Fransiya akademik hamjamiyati vakillari o‘rtasida ilmiy-tadqiqot aloqalarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish uchun qulay imkoniyat yaratdi.