Tahliliy nashrlar

outputs_in

Tahliliy nashrlar

21 Iyun 2026

YeOIIning yangi geosiyosati haqida: raqamli integratsiya, tashqi hamkorlar va MarkaziyOsiyoning ko‘p vektorliligi

Joriy yilning 29-may kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo iqtisodiy forumi Yevroosiyoiqtisodiy ittifoqining (YeOII) navbatdagi odatiy tadbiri sifatida emas, balki Yevrosiyo makonidakechayotgan ancha chuqur geosiyosiy qayta sozlanishning belgisi sifatida baholanishi lozim.Uning asosiy xususiyati faqat sun’iy intellekt va raqamli transformatsiyaga berilgan urg‘uda emas, balki Rossiya uchun tashqi iqtisodiy muhitning o‘zgarishi, transport yo‘nalishlarining transformatsiyasi, Xitoyning yevrosiyoviy iqtisodiy jarayonlardagi rolining ortishi, o‘rta kuchlar ahamiyatining oshishi hamda mintaqaning ayrim davlatlari tomonidan harbiy-texnik hamkorlikni bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilish sharoitida YeOII o‘z rolini qayta anglashga urinayotganidadir. Shu ma’noda, forum YeOII o‘zini yangi sharoitlarga moslashishga ehtiyoj sezayotgan an’anaviy integratsiya formati sifatida emas, balki yangi raqamli va regulyator platforma sifatida namoyon etishga intilgan maydonga aylandi. Texnik tartibga solishning raqamlashtirilishi, sun’iy intellekt, tovarlarni markirovkalash, elektron hujjat aylanishi, raqamli transport yo‘laklari va mahsulotlarning kelib chiqishi hamda harakatini kuzatib borish masalalariga oid kun tartibi birlashmaning klassik bojxona integratsiyasidan savdo oqimlari, standartlar, ma’lumotlar va logistika jarayonlari ustidan nazoratning yanada murakkab modeliga o‘tishga intilayotganini aks ettiradi. Bu shuni anglatadiki, YeOIIning kelgusidagi ta’siri faqat tariflar va bozorlarga kirish rejimlari bilan emas, balki savdo, sertifikatlash, sanitariya nazorati, tranzit hamda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha raqamli qoidalarni kim belgilashi bilan ham belgilanadi. Biroq forumning texnokratik kun tartibi ortida ancha chuqur siyosiy ziddiyatlar ko‘zga tashlanadi. Bu borada arman omiliayniqsa ko‘rsatkichlidir. Armaniston YeOII a’zosi bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, uning tashqi siyosiy va harbiy-siyosiy yo‘nalishi Rossiya chizig‘idan tobora yaqqolroq uzoqlashmoqda. Yerevan amalda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi (KXShT) ishtirokini muzlatib qo‘ygan edi, Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan munosabatlarni rivojlantirmoqda, shuningdek, Hindiston va Fransiya bilan xaridlar hamda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali qurol-yarog‘ manbalarini diversifikatsiya qilmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiy jihatdan Armaniston hozircha YeOII bilan keskin uzilishga tayyor emas, chunki uning Rossiya bilan savdo, energetika va migratsiya aloqalari hanuz muhim ahamiyatga ega. Shu sababli Armaniston Yevrosiyo integratsiyasining avvalgi modeli transformatsiyasining asosiy indikatorlaridan biriga aylanmoqda: YeOIIga a’zolik endilikda Rossiya bilan tashqi siyosiy ustuvorliklarning to‘liq mos kelishini anglatmaydi. Bu holat Rossiya uchun yanada kengroq muammoni namoyon etadi. Rossiya ekspert-siyosiy diskursida qo‘shni davlatlarning ko‘p vektorli siyosati ko‘pincha mintaqaviy ta’sirni saqlab qolish prizmasi orqali ko‘rib chiqiladi. Rossiyaning Armanistonning Yevropa yo‘nalishiga munosabati shuni ko‘rsatadiki, Moskva uchun YeOII faqat iqtisodiy loyiha emas, balki postsovet makonini siyosiy, infratuzilmaviy va strategik jihatdan ushlab turish tizimining bir qismidir. Shu nuqtadan ichki ziddiyat yuzaga keladi: bir tomondan, YeOII raqamli iqtisodiyot, texnologik modernizatsiya va to‘siqlarsiz savdo tilida gapirishga intiladi; boshqa tomondan esa Rossiyaning siyosiy idroki hanuz mintaqaviy muvofiqlashtirish va tashqi siyosiy manevr chegaralari haqidagi an’anaviy tasavvurlardan kelib chiqadi. Bu ziddiyat Markaziy Osiyo uchun ayniqsa muhimdir. Mintaqada Rossiya bilan yaqin iqtisodiy aloqalar saqlanib qolmoqda, biroq ayni paytda tashqi hamkorlarni diversifikatsiya qilishga intilish kuchaymoqda. Harbiy sohada bu harbiy-texnik hamkorlik manbalarining bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilinishi hamda Xitoy, Turkiya, G‘arb davlatlari va boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan aloqalarning kengayishida namoyon bo‘lmoqda. Qozog‘istonning harbiy-texnik hamkorligining sezilarli qismi an’anaviy ravishda Rossiya yo‘nalishi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda, biroq diversifikatsiya masalasi asta-sekin uning uzoq muddatli xavfsizlik kun tartibining bir qismiga aylanmoqda. O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston uchun esa ushbu tendensiya yanada yaqqol ahamiyat kasb etadi, chunki harbiy, texnologik va transport siyosatini endilikda faqat bitta tashqi markazga bog‘lab qo‘yish tobora qiyinlashmoqda. Mazkur konfiguratsiyada Xitoy forum ishtirokchisidan ko‘ra ko‘proq asosiy tashqi strukturaviy omil sifatida namoyon bo‘ladi. YeOII o‘zining raqamli va transport kun tartibini Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusini hisobga olgan holda shakllantirishga majbur. Moskva va Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) uchun bu ikki yoqlama vazifani yuzaga keltiradi: bir tomondan, Xitoy investitsiyalari, transport yo‘laklari va savdo dinamikasidan foydalanish zarur; boshqa tomondan esa Xitoy infratuzilmaviy tashabbuslari bilan uyg‘unlashish jarayonida YeOIIning o‘z regulyator subyektligini saqlab qolish zarur. Tashqi hamkorlar, avvalo Eron va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) ishtiroki ham alohida ahamiyatga ega. Eron YeOII uchun «Shimol-Janub» yo‘lagi, sanksiyaviy bosimlarga chidamli savdo hamda Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish bilan bog‘liq janubiy yo‘nalishni ifodalaydi. BAA esa, aksincha, YeOII Fors ko‘rfazi va global savdo oqimlari bilan aloqalarni kengaytirishga urinayotgan moliyaviy-logistik tugun sifatida namoyon bo‘ladi. Ittifoq postsovet geografiyasi doirasidan chiqib, o‘zini yevrosiyoviy–yaqin sharq iqtisodiy arxitekturasining bo‘g‘ini sifatida ko‘rsatishga intilmoqda. Markaziy Osiyo uchun bunday transformatsiya imkoniyatlar bilan bir qatorda xatarlarni ham yuzaga keltiradi. Ijobiy jihati shundaki, mintaqa davlatlari transport diversifikatsiyasi, savdoni raqamlashtirish, tranzit xarajatlarini kamaytirish hamda YeOII, Eron, Fors ko‘rfazi va Xitoy bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘proq vositalarga ega bo‘lmoqda. Biroq xatarlar regulyator qaramlikning ehtimoliy kuchayishi bilan bog‘liq: raqamli standartlar, markirovka tizimlari, texnik reglamentlar, sanitariya tartib-taomillari va ma’lumot almashish platformalari nafaqat savdoni yengillashtirish vositasi, balki tashqi iqtisodiy oqimlarni nazorat qilishning yangi mexanizmiga ham aylanishi mumkin. Shu bilan birga, Armaniston misoli, Xitoyning kuchayishi, Eron va BAA ishtiroki hamda Markaziy Osiyoning diversifikatsiyasi yevrosiyoviy integratsiya bosqichma-bosqich yanada ko‘p aktorli xususiyat kasb etayotganini, turli kuch markazlari, yo‘nalishlar va regulyator modellar raqobati maydoniga aylanayotganini ko‘rsatadi. Iqtisodiy tahlil. Forumning iqtisodiy o‘lchovi ham raqamli kun tartibi O‘zbekiston uchun mavhum emas, balki bevosita amaliy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. YeOII O‘zbekiston uchun asosiy savdo-iqtisodiy yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda va barqaror o‘sish dinamikasini namoyon etmoqda. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra (1-jadval), 2017-2025-yillarda YeOII bilan tovar ayirboshlash hajmi $7,2 mlrd.dan $20,2 mlrd.gacha oshgan, ya’ni qariyb 2,8 barobarga ko‘paygan. O‘zbekistonning YeOII mamlakatlariga eksporti $3,3 mlrd.dan $6,9 mlrd.gacha, importi esa $3,9 mlrd.dan $13,3 mlrd.gacha o‘sgan. Bunday dinamika O‘zbekistonning YeOII bilan iqtisodiy aloqalari barqaror va tarkibiy xususiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. 1-jadval. O‘zbekistonning YeOIIga a’zo davlatlar bilan savdo aylanmasi: 2025-yil va 2026-yil I choragi Rossiya va Qozog‘iston O‘zbekistonning yevrosiyoviy makondagi asosiy hamkorlari bo‘lib qolmoqda. Bu holat nafaqat ularning iqtisodiy ko‘lami, balki geografik yaqinlik, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik, energetika oqimlari, ishlab chiqarish aloqalari va mehnat mobilligi bilan ham izohlanadi. O‘zbekiston uchun YeOII nafaqat sotish bozori, balki xomashyo, yoqilg‘i, oziq-ovqat, sanoat tovarlari, uskunalar va logistika imkoniyatlari manbai hamdir. Shu bilan birga, O‘zbekistonning YeOII bilan savdosida yaqqol asimmetriya saqlanib qolmoqda(2-jadval).  O‘zbekiston Ittifoq mamlakatlariga sanoat tovarlari, to‘qimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlari, xizmatlar, ayrim mashinasozlik mahsulotlari va kimyo tovarlarini eksport qiladi. O‘z navbatida, YeOII mamlakatlaridan metallar, neft mahsulotlari, gaz, don, un, o‘simlik moylari, farmatsevtika mahsulotlari, yog‘och, uskunalar va boshqa sanoat komponentlari import qilinadi. Bunday defitsitni mutlaq salbiy omil sifatida baholash shart emas, chunki importning sezilarli qismi ichki ishlab chiqarish, qurilish, qayta ishlash hamda ichki bozorda narx barqarorligini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatiladi. Aynan shu sababli forumda muhokama qilingan savdoni raqamlashtirish O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega. Agar raqamli transport yo‘laklari, elektron hujjatlar, navigatsion plombalar, texnik tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya tartib-taomillari, raqamli markirovka hamda tovarlarning kelib chiqishi va harakatini kuzatib borish tizimlari samarali ishlasa, ular eksport xarajatlarini kamaytirishi, chegaradan o‘tish jarayonlarini tezlashtirishi, yetkazib berish zanjirlarining shaffofligini oshirishi va o‘zbek tovarlarining YeOII mamlakatlari bozorlariga kirishini yengillashtirishi mumkin. 2-jadval. O‘zbekiston–YeOII savdosining tovar tarkibi (2025-yil oxiri holatiga) Biroq noqulay ssenariyda ayni vositalar notarif to‘siqlarning yangi qatlamiga aylanishi mumkin, agar raqamli standartlar kuzatuvchi davlatlar va tashqi savdo hamkorlari manfaatlarini hisobga olmasdan shakllantirilsa. O‘zbekiston uchun agrar sektor, to‘qimachilik sanoati, oziq-ovqatni qayta ishlash, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari va transport xizmatlari ayniqsa sezgir yo‘nalishlar hisoblanadi. Bu tarmoqlar yoki allaqachon YeOII bozorlariga yo‘naltirilgan, yoki yevrosiyoviy makon bilan bog‘liq xomashyo, komponentlar va logistika yo‘nalishlariga tayanadi. Milliy sertifikatlash, markirovka, fitosanitariya nazorati va elektron hujjat aylanishi tizimlarining mosligi shunchaki texnik detal emas, balki o‘zbek eksportining raqobatbardoshligini saqlab qolish shartiga aylanmoqda. Investitsiyaviy o‘lchov ham iqtisodiy bog‘liqlikning chuqurligini tasdiqlaydi (3-jadval). O‘zbekistonda YeOII mamlakatlari kapitali ishtirokidagi 5 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, Ittifoq davlatlaridan kiritilayotgan investitsiyalar esa asosan real sektorga – energetika, metallurgiya, telekommunikatsiyalar, logistika, yengil sanoat, mashinasozlik va agrosanoat qayta ishlash tarmoqlariga yo‘naltirilmoqda. Bu sanoat kooperatsiyasi uchun asos yaratgan holda, O‘zbekistondan ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qo‘shilgan qiymatni oshirish hamda mamlakatning faqat sotish bozori yoki past texnologiyali yig‘uv maydoniga aylanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yanada faol siyosat yuritishni talab qiladi. 3-jadval. O‘zbekistonda YeOII mamlakatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari profili (2025-yil) Yevroosiyo taraqqiyot banki va boshqa mintaqaviy moliyaviy mexanizmlarning roli ham alohida e’tiborga loyiq. O‘zbekiston uchun ular transport infratuzilmasi, energetika, kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish, agrosanoat majmuasi va raqamli logistika loyihalarida foydali bo‘lishi mumkin. Bunday instrumentlardan foydalanish boshqa xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik bilan muvozanatlashtirilishi lozim, toki infratuzilmaviy modernizatsiya bitta moliyaviy-institutsional doiraga haddan tashqari qaramlikni yuzaga keltirmasin. Mehnat bozori ham bundan kam ahamiyatga ega emas. O‘zbekiston uchun YeOII mehnat migratsiyasining muhim makoni bo‘lib qolmoqda, mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari esa uy xo‘jaliklari va ichki iste’mol uchun muhim rol o‘ynashda davom etmoqda. YeOII mehnat bozorining raqamlashtirilishi — elektron mehnat shartnomalari, raqamli bandlik platformalari, biometrik vositalar, elektron ro‘yxatdan o‘tish va ma’lumot almashish — O‘zbekiston fuqarolari manfaatlariga bevosita ta’sir qiladi. Bunday mexanizmlar qonuniy ishga joylashishni soddalashtirishi va norasmiy bandlik darajasini pasaytirishi mumkin. Biroq migrantlar huquqlarini himoya qilishning shaffof qoidalari mavjud bo‘lmagan taqdirda, ular ma’muriy nazoratni kuchaytirishi va migrantlar uchun yangi xatarlarni ham yuzaga keltirishi ehtimoldan xoli emas. Shu kontekstda O‘zbekistonning ichki islohotlari tashqi iqtisodiy ahamiyat kasb etadi. Soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish, qo‘shilgan qiymat solig‘iga (QQS) o‘tish chegarasini oshirish, kichik va o‘rta biznesni raqamlashtirish, bandlikni rasmiylashtirish hamda elektron xizmatlarni rivojlantirish o‘zbek korxonalarining transchegaraviy raqamli savdoda faolroq ishtirok etishi uchun shart-sharoit yaratadi. Xufyona faoliyat yuritayotgan biznes raqamli markirovka, elektron deklaratsiyalar, elektron tijorat platformalari va tovarlarning harakatini kuzatib borish tizimlaridan to‘laqonli foydalana olmaydi. Demak, iqtisodiyotning ichki rasmiylashtirilishi tashqi raqobatbardoshlik shartiga aylanadi. Xulosa va O‘zbekiston uchun tavsiyalar. Forumning O‘zbekiston uchun ahamiyatini YeOIIga yaqinlashish yoki undan uzoqlashish mantiqida emas, balki o‘zaro bog‘liqlikni pragmatik boshqarish nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqish zarur. O‘zbekiston uchun YeOIIning raqamli va regulyator mexanizmlarini muhokama qilishda ishtirok etish muhim, chunki ular eksport, tranzit, sertifikatlash, agrar savdo, logistika va sanoat kooperatsiyasiga bevosita ta’sir qiladi. Shu bilan birga, Toshkent o‘zining ko‘p vektorli tashqi iqtisodiy siyosatini, Jahon savdo tashkiloti (JST) bo‘yicha muzokaralar jarayonini, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Janubiy Osiyo bilan hamkorlikni cheklashi mumkin bo‘lgan qarorlardan qochishi lozim. Ostonadagi forum YeOII bojxona tartib-taomillari va umumiy bozorlar asosidagi klassik integratsiya modelidan raqamli modelga o‘tishga urinayotganini ko‘rsatadi. O‘zbekiston uchun bu savdo to‘siqlarini kamaytirish, eksportni kengaytirish, raqamli transport yo‘laklariga ulanish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda mintaqaviy infratuzilma loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlarini yaratadi. Amaliy jihatdan forum yakunlaridan bir nechta yo‘nalishni ilgari surish uchun foydalanish maqsadga muvofiq: Birinchidan, o‘zbek tovarlari uchun texnik, sanitariya va fitosanitariya to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish; Ikkinchidan, raqamli transport yo‘laklari, elektron yuk xatlari, navigatsion plombalar va ma’lumot almashish tizimlariga ulanish masalasini ishlab chiqish; Uchinchidan, O‘zbekiston allaqachon ishlab chiqarish bazasi va eksport salohiyatiga ega bo‘lgan sektorlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish; To‘rtinchidan, raqamli markirovka, davlat xaridlari, agrar platformalar va raqamli statistika tajribasini sinchiklab o‘rganish, biroq uni milliy manfaatlarga moslashtirish; Beshinchidan, ko‘p vektorli tashqi iqtisodiy siyosatni cheklovchi majburiyatlarni zimmasiga olmagan holda, kuzatuvchi maqomidan institutsional muloqot uchun foydalanish zarur. Asosiy vazifa YeOII doirasidagi ishtirokni institutsional jihatdan chuqurlashtirishda emas, balki strategik avtonomiyani cheklamasdan amaliy iqtisodiy samara beradigan mexanizmlarga tanlab ulanishdadir. Bunday yondashuv yevrosiyoviy bog‘liqlik afzalliklaridan foydalanish, shu bilan birga uni bitta integratsion markazga qaramlikka aylantirib yubormaslik imkonini beradi. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

21 Iyun 2026

Pokiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi ittifoqchilik munosabatlarining mojaro manbaiga aylanishi

Pokiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi munosabatlar uzoq yillar davomida ikki tomonlama xususiyatni saqlab keladi: rasmiy strategik hamkorlik doimiy oʻzaro ishonchsizlik, chegaradagi qarama-qarshilik va transchegaraviy makonda taʼsir uchun raqobat bilan birga mavjud. Vaziyatning hozirgi bosqichi shuni koʻrsatadiki, tomonlar oʻrtasidagi mojaro situatsion emas, balki strukturaviy xususiyatga ega boʻlib, uning sabablari joriy siyosiy inqirozlar yoki alohida qurolli guruhlar faoliyatidan ancha chuqurroq yotadi. Pokiston–Afgʻoniston munosabatlarining asosiy xususiyati shundaki, ikkala tomon ham bir-biriga bir vaqtning oʻzida zarur hamkor va milliy xavfsizlikka tahdid manbai sifatida qaraydi. Pokiston uchun Afgʻoniston anʼanaviy ravishda gʻarbiy yoʻnalishdagi strategik zaiflik, ichki etnosiyosiy barqarorlik va Hindiston bilan mintaqaviy raqobat prizmasi orqali idrok etilgan. Afgʻoniston uchun esa Pokiston siyosiy, harbiy va mafkuraviy taʼsir orqali afgʻon suverenitetini cheklashga intilayotgan davlat boʻlib qolmoqda. Uzoq yillik mojaroning negizida xavfsizlik va davlatchilik haqidagi fundamental tushunchalarning kelishmovchiligi yotadi. Pokiston strategiyasi tarixan Afgʻonistonda nazorat qilinadigan va sodiq siyosiy makonni taʼminlashga qaratilgan boʻlib, bu Kabulda Hindiston bilan yaqin hamkorlikka yoki pushtun millatchiligini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan hukumatning shakllanishiga yoʻl qoʻymaslikni maqsad qilgan. Aynan shu bilan Pokiston harbiy-razvedka apparatining afgʻon qurolli va diniy-siyosiy guruhlaridan mintaqaviy taʼsir vositasi sifatida uzoq yillik foydalanishi izohlanadi. Shu bilan birga, Afgʻoniston siyosiy elitalari va jamiyatining salmoqli qismi uchun Pokiston asosiy tashqi beqarorlashtiruvchi omil sifatida qabul qilinib, u qurolli tarmoqlar, transchegaraviy ekstremizm va mamlakat ichidagi surunkali beqarorlikning saqlanib qolishiga hissa qoʻshmoqda. Natijada tomonlar oʻrtasida strategik ishonch yoʻqligi sharoitida cheklangan hamkorlikning barqaror modeli shakllangan. Tanglikning markaziy manbalaridan biri chegara omili boʻlib qolmoqda. Durand chizigʻi nafaqat bahsli chegara, balki transchegaraviy pushtun identifikatorining hal qilinmagan muammosining ramzi sifatida ham rol oʻynashda davom etmoqda. Islamabad uchun chegara hududlarini nazorat qilish muammosi bevosita separatizm va ichki beqarorlik xavfi bilan bogʻliq. Kobul uchun esa chegaraning tarixiy va siyosiy qonuniyligi masalasi bilan. Hozirgi sharoitda bu omil chegara hududlarining zaif boshqaruvi, qurolli guruhlar faolligi va qabila tuzilmalarining yuqori darajadagi mustaqilligi tufayli yanada kuchaymoqda. Qoʻshimcha mojaro manbai tomonlarning radikal qurolli harakatlardan foydalanishga boʻlgan yondashuvlaridagi farqdir. Uzoq vaqt davomida Pokiston ayrim afgʻon islomiy tuzilmalarini Afgʻonistondagi oʻz manfaatlarini taʼminlash vositasi sifatida koʻrib kelgan. Biroq, radikal muhitning bosqichma-bosqich parchalanishi bu guruhlar ustidan toʻliq nazoratni yoʻqotishga olib keldi. Natijada dastlab tashqi siyosat aktivi sifatida qaralgan koʻplab tuzilmalar Pokistonning oʻzi uchun mustaqil tahdid omiliga aylangan. Ayniqsa, hozirgi vaqtda “Tehrik-i-Taliban Pokiston” (TTP) faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tolibon Kobulda hokimiyat tepasiga kelganidan soʻng, TTP Afgʻoniston hududida joylashish, logistika va harakatlarni muvofiqlashtirish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirdi. BMT Xavfsizlik Kengashining Monitoring guruhi maʼlumotlariga koʻra, hozirda Afgʻonistonda 6000 ga yaqin TTP jangarisi mavjud boʻlib, ular asosan Pokiston bilan chegaradosh sharqiy viloyatlarda toʻplangan. Islamabad tobora ochiq ravishda afgʻon rasmiylarini TTP faoliyatini cheklashga qodir emaslik yoki istaksizlikda ayblamoqda. Afgʻon tomoni esa, oʻz navbatida, ayblovlarni rad etadi va Pokistanni bosim oʻtkazish hamda mamlakatning ichki ishlariga aralashishda ayblaydi. 2025-yil oktabr oyida chegaradagi soʻnggi keskinlashuv fonida toʻqnashuvlar har ikki tomondan oʻnlab qurbonlar (turli hisob-kitoblarga koʻra har bir mamlakatdan 60 dan ortiq) va koʻplab yaralanganlarga olib keldi. Shu bilan birga, BMT maʼlumotlariga koʻra, Afgʻoniston tinch aholisi orasida kamida 37 kishi halok boʻlgan va 400 dan ortiq kishi yaralangan. Bu qarama-qarshilikka qoʻshimcha keskinlik berib, uni soʻnggi yillardagi eng katta eskalatsiyaga aylantirdi. Tolibonning 2021-yilda Afgʻonistonda qayta hokimiyat tepasiga kelishi dastlab Pokiston tomonidan doʻstona rejimni shakllantirish va gʻarbiy chegaradagi tahdid darajasini pasaytirishga qodir strategik yutuq sifatida qabul qilingan edi. Biroq keyingi voqealar bunday kutishlarning cheklanganligini koʻrsatdi. Pokiston xavfsizlik tuzilmalari va afgʻon toliboni oʻrtasidagi tarixiy aloqalarga qaramay, Afgʻonistonning yangi rahbariyati Islamabad taxmin qilganidan ancha yuqori darajadagi mustaqillikni namoyish etmoqda. Bundan tashqari, afgʻon toliboni va TTP oʻrtasidagi mafkuraviy va etnik yaqinlik Kobulning Pokistondagi hukumatga qarshi guruhlarga qarshi qattiq choralar koʻrishga tayyorligini ob’ektiv ravishda cheklaydi. Natijada, Pokiston ittifoqchi kuchning hokimiyat tepasiga kelishi xavfsizlikni mustahkamlamay, aksincha, transchegaraviy tahdidlarning kengayishiga hissa qoʻshgan vaziyatda qoldi. Qoʻshimcha keskinliklar kuchaygan chegara toʻqnashuvlari, Pokistonning Durand chizigʻi boʻylab muhandislik toʻsiqlarini qurishi, afgʻon qochqinlarining ommaviy deportatsiyalari va Afgʻoniston ichida Pokistonga qarshi kayfiyatning kuchayishidan kelib chiqdi. Bu jarayonlar siyosiy tartibga solish imkoniyatlarini murakkablashtiruvchi uzoq muddatli salbiy dinamikani shakllantirmoqda. Tashqi ishtirokchilar mojaroning rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatishda davom etmoqda. Hindiston uchun Afgʻoniston Pokistonni strategik jihatdan cheklash va mintaqada siyosiy mavjudligini kengaytirishning muhim yoʻnalishi boʻlib qolmoqda. Islamabad anʼanaviy ravishda Hindiston taʼsirining Kobulda kuchayishini oʻz xavfsizligiga bevosita tahdid deb biladi. Aynan Hindiston-Pokiston raqobati omili Pokistonning Afgʻonistondagi ichki siyosiy jarayonlar ustidan maksimal taʼsirni saqlab qolish istagini tushuntiradi. 2025-yil 9-oktabrda Tolibon hukumatining tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqining Nyu-Dehliga rasmiy tashrifi va u yerda Hindiston rahbariyati bilan siyosiy hamkorlik, savdo va gumanitar hamkorlik masalalari boʻyicha muzokaralar olib borgani Pokiston–Afgʻoniston munosabatlarining yanada keskinlashishiga sabab boʻldi. Islamabadda Kobul va Dehli oʻrtasidagi aloqalarning faollashuvi xavotirli signal va Hindistonning Afgʻonistondagi taʼsiri kuchayib borayotganining navbatdagi isboti sifatida qabul qilindi, bu Pokiston va Kobuldagi de-fakto hokimiyat oʻrtasidagi mavjud qarama-qarshiliklarni yanada chuqurlashtirdi. Xitoy birinchi navbatda beqarorlikning KXSHQ (CPEC) kabi mintaqaviy transport-logistika loyihalariga tarqalishining oldini olish va Shinjon-Uygʻur muxtor rayoniga tahdidlarni kamaytirishdanmanfaatdor. Shu nuqtai nazardan, Pekin Pokiston va Afgʻoniston bilan ishchi aloqalarni saqlab, ayni paytda mojaroga toʻgʻridan-toʻgʻri aralashishdan saqlanmoqda. Shu bilan birga, Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari bilan faol hamkorlikni rivojlantirmoqda, mintaqani "Bir belbogʻ – bir yoʻl" tashabbusining asosiy boʻgʻini va XXRning gʻarbiy chegaralari xavfsizligini taʼminlashning muhim elementi deb biladi. Eron vaziyatga shia jamoalari xavfsizligi, migratsiya xavflari va Afgʻonistonning gʻarbiy rayonlarida taʼsir uchun kurash prizmasi orqali qaraydi. Tehron Tolibon bilan pragmatik yondashuvni saqlab kelmoqda, doimiy kelishmovchiliklarga qaramay. Shu bilan birga, Eron Markaziy Osiyo davlatlari bilan transport va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga intiladi, afgʻon yoʻnalishidan kengroq mintaqaviy strategiyaning bir qismi sifatida, jumladan mintaqa davlatlariga tranzit yoʻnalishlarini rivojlantirishda foydalanadi. Oʻzbekiston mintaqaviy siyosatda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Tolibon hokimiyat tepasiga kelganidan soʻng, Toshkent Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng faol va pragmatik pozitsiyalardan birini egalladi. Oʻzbekiston Kobul bilan muloqotni davom ettirish, transport aloqadorligini rivojlantirish va Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy loyihalarga jalb qilish tarafdori. Oʻzbekiston uchun Afgʻonistondagi barqarorlik toʻgʻridan-toʻgʻri uning janubiy chegaralari xavfsizligi, Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Xarlachi temir yoʻl koridorini amalga oshirish istiqbollari hamda Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bilan bogʻliq. Shu nuqtai nazardan, Kobul va Islamabad oʻrtasidagi munosabatlarning yomonlashuvi, Torkham va Chamandagi asosiy chegara oʻtish punktlarining vaqti-vaqti bilan yopilishi bilan birga, nafaqat ikki tomonlama Afgʻoniston-Pokiston savdosiga, balki Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy manfaatlariga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Tovar tranzitidagi uzilishlar, tashqi savdo ishtirokchilarining koʻp millionli yoʻqotishlari, logistika xarajatlarining oshishi va transport yoʻnalishlari bashorat qilish imkoniyatining pasayishi mintaqa davlatlarining Pokiston portlari va Janubiy Osiyo bozorlariga kirishni kengaytirish rejalariga putur yetkazmoqda. Bunday sharoitda Oʻzbekiston Kobul va Islamabad bilan ularning qarama-qarshiliklariga tortilmasdan muvozanatli munosabatlarni saqlashga intiladi va shu bilan birga mintaqaviy transport kommunikatsiyalarini barqarorlashtirish tarafdori boʻladi. Qoʻshma Shtatlar uchun qoʻshinlarni olib chiqib ketilganidan soʻng, ustuvor vazifa Afgʻonistonning transmilliy terrorizmning global markaziga aylanishining oldini olish boʻlib qolmoqda. Shu bilan birga, Amerika ishtirokining kamayishi Kobul va Islamabad oʻrtasidagi tashqi muvozanat imkoniyatlarini ob’ektiv ravishda qisqartirdi. Yangi sharoitda Markaziy Osiyo davlatlari, birinchi navbatda Oʻzbekiston, afgʻon masalalari boʻyicha diplomatik aloqalar uchun mustaqil mintaqaviy vositachilar va platformalar sifatida tobora koʻproq namoyon boʻlmoqda. Joriy dinamika shuni koʻrsatadiki, rasmiy hamkorlik kanallari saqlanib qolgan taqdirda ham, yaqin kelajakda tomonlarning barqaror strategik sheriklikka oʻtishi dargumon. Koʻproq ehtimolli stsenariy davriy inqirozlar, transchegaraviy insidentlar va oʻzaro bosim sharoitida cheklangan hamkorlik modelining saqlanib qolishidir. Hozirgi vaziyatning markaziy qarama-qarshiligi shundan iboratki, Pokiston Afgʻonistonda doʻstona siyosiy rejimni shakllantirish orqali oʻz xavfsizligini mustahkamlashga intilib, natijada dastlab minimallashtirmoqchi boʻlgan aynan oʻsha transchegaraviy tahdidlarning kuchayishiga duch keldi. Bu Afgʻoniston siyosiy makonining yuqori darajada parchalanishi va qurolli guruhlarning faolligi saqlanib qolgan sharoitda boshqariladigan taʼsirga asoslangan strategiyaning cheklangan samaradorligini koʻrsatadi. Natijada mintaqaviy dinamika tobora koʻproq alohida tashqi ishtirokchilarning nazorat qilinadigan taʼsiri bilan emas, balki ikki tomonlama “Kobul–Islomobod” mantigʻidan tashqariga chiqadigan oʻzaro bogʻliq mojarolar majmui bilan belgilanmoqda. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarnibildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ularIXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

20 Iyun 2026

Globallashuvga qarshilik: mintaqaviy alyanslar va ularning xalqaro tashkilotlarga ta’siri

JIDU talabasi va IXTI amaliyotchisi Muhammad Xo‘janazarov hamda JIDU o‘qituvchisi va IXTIning tashrif buyuruvchi ilmiy xodimi Julia Devisning ushbu maqolasida XVF, Jahon banki, JST va bosqichma-bosqich liberallashtirilgan jahon savdosi atrofida qurilgan urushdan keyingi liberal xalqaro tartib 2008-yilgi global moliyaviy inqirozdan so‘ng qanday bosim ostida qolgani tahlil qilinadi. Mualliflar fikricha, globallashuvning sekinlashuvi, geosiyosiy raqobatning kuchayishi, ko‘p tomonlama institutlarning zaiflashuvi hamda rivojlanayotgan iqtisodiyotlar orasida norozilikning ortib borishi mintaqaviy alyanslarning yanada kuchliroq boshqaruv rolini o‘z zimmasiga olishi uchun zamin yaratdi. Maqolada asosiy e’tibor ASEAN/RCEP, BRIKS+ va Shanxay hamkorlik tashkilotiga qaratilib, ushbu mintaqaviy tuzilmalar endilikda global tartib doirasidagi shunchaki yordamchi platformalar emasligi ko‘rsatib beriladi. Aksincha, ular G‘arb hukmronligidagi ko‘p tomonlama yondashuvga tobora ko‘proq qarshi chiqayotgan mustaqil savdo qoidalari, moliyaviy mexanizmlar, xavfsizlik amaliyotlari va me’yoriy asoslarni ishlab chiqmoqda. ASEAN/RCEP savdo boshqaruvi, BRIKS+ moliyaviy qarshi gegemonlik va de-dollarizatsiya, SHHT esa suverenitet hamda ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga asoslangan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik nuqtayi nazaridan tahlil etiladi. Asosiy g‘oya shundan iboratki, dunyo yanada tarqoq va ko‘p qutbli boshqaruv tizimi sari harakatlanmoqda. Bu tizimda global institutlar va mintaqaviy tashkilotlar bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘ladi, o‘zaro raqobatlashadi va bir-birining faoliyatini qisman takrorlaydi. Mualliflar mintaqaviy alyanslar mavjud xalqaro tashkilotlarning o‘rnini to‘liq egallashi ehtimoldan yiroq, biroq ular allaqachon xalqaro munosabatlardagi qoidalar, me’yorlar va kuchlar muvozanatini qayta shakllantirmoqda, degan xulosaga kelishadi. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

15 Iyun 2026

Ispaniya qishloq xo‘jaligi tajribasi va uni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari

Ispaniyada ishlab chiqilgan qishloq xo‘jaligi modellari, xususan, Almeriyaning intensiv issiqxona tizimlari va Altiplano platosining regenerativ landshaftini tiklash, O‘zbekiston kabi jiddiy ekologik, iqtisodiy va institutsional muammolarga duch kelayotgan mamlakatlar uchun foydali saboqlarni ifodalaydi . Qurg‘oqchil iqlimi va qishloq xo‘jaligiga qaramligi bilan ajralib turadigan O‘zbekiston ushbu tasdiqlangan amaliyotlardan sezilarli darajada foyda ko‘rishi mumkin. Ispaniya suv tanqisligi bo‘lgan muhitni “Yevropa bog‘I”ga aylantirishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi , texnik innovatsiyalarni samarali suv resurslarini boshqarish bilan birlashtirib, cheklangan resurslar bilan ham ulkan iqtisodiy daromad keltirdi. Bundan tashqari, global bozorda ustunlik qilish uchun intensiv ishlab chiqarishni va tuproq degradatsiyasi va qishloq joylarini tashlab ketishga qarshi kurashish uchun regenerativ usullarni o‘z ichiga olgan Ispaniya modelining taklif qilingan ikki bosqichli yondashuvi O‘zbekistonda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan juda yaxshi misoldir . Ispaniyaning muvaffaqiyatli umumiy qishloq xo‘jaligi siyosati (CAP) aniq sug‘orish, o‘simliklarni kompleks himoya qilish, issiqxona bog‘dorchiligi va yuqori sifat standartlarini joriy etishga yordam beradi. Ispaniya fermalari mahsuldorlikni oshirish uchun elektron monitoring va tomchilatib sug‘orishdan foydalanmoqda. Almeriyada eksport uchun foydalaniladigan 33500 gektar issiqxonalar mavjud bo‘lib, mamlakat o‘simliklarni biologik himoya qilish sohasida jahon peshqadami hisoblanadi. Umumiy qishloq xo‘jaligi siyosatining joriy doiraviy dasturi (2023-2027-yillar) atrof-muhitni muhofaza qilish va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan. Irrigatsiya va suv resurslarini boshqarish. Ispaniyada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qiymatining 71 foizi sug‘oriladigan yerlarga to‘g‘ri keladi, ular 3,7 mln. gektarni yoki barcha qishloq xo‘jaligi yerlarining qariyb 22 foizini tashkil etadi. 2022-yildan 2027-yilgacha hukumat 750 ming gektar maydonni yaxshilash uchun rekord darajadagi 2,5 milliard yevro sarflaydi. Bunga avtomatlashtirilgan suv o‘lchagichlarni o‘rnatish, ochiq kanallarni bosimli quvurlar bilan almashtirish va tuproq namligi datchiklari va avtomatlashtirilgan rejalashtirish kabi aqlli sug‘orish texnologiyalarini rag‘batlantirish kiradi. Tomchilatib/mikro sug‘orishdan foydalanadigan ispan fermalari eng mahsuldor va eng kam suv iste’mol qiladigan fermalardan biri hisoblanadi. Ispaniyaning umumiy qishloq xo‘jaligi siyosati (CAP) strategik rejasi iqlim sharoitlarining keng diapazonida raqobatni rag‘batlantiradi. Yevropa Ittifoqining milliy tiklanish jamg‘armalari va qishloq hududlarini rivojlantirish jamg‘armalarini o‘z ichiga olgan ko‘p dasturli yondashuv irrigatsiya tarmoqlarini raqamlashtirish va energiya sarfini kamaytirishga qaratilgan. Sug‘orishdan foydalanadigan ispan fermalari eng mahsuldor va eng kam suv iste’mol qiladigan fermalardir. O‘zbekiston Ispaniyaning raqamli vositalardan foydalanish, odamlar va jamoalarni jalb qilish, shuningdek, yirik davlat investitsiyalarini o‘z ichiga olgan “inklyuziv” yondashuviga amal qilishi kerak. O‘zbekiston Ispaniyaning muvaffaqiyatli tajribasiga tayangan holda raqamli texnologiyalar, mahalliy hamjamiyatlarning ishtiroki va katta miqdordagi davlat investitsiyalarini uyg‘unlashtirgan holda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va modernizatsiya qilish samaradorligini oshirishi mumkin. Agro qayta ishlash va qiymat zanjirlari. Ispaniyaning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektori katta va murakkabdir. U umumiy aylanmasi 168 milliard yevro bo‘lgan 30 ming korxonadan iborat bo‘lib, ishlab chiqarish sanoatining qariyb 23,8 foizini ta’minlaydi. Ular qatoriga yog‘ zavodlari (yiliga 1,4 mln. tonnaga yaqin zaytun yog‘i ishlab chiqaradigan 1,39 mingta korxona), vino va likyor zavodlari, meva va sabzavotlarni qayta ishlaydigan konserva zavodlari, tomat pastasi va sharbat ishlab chiqaruvchilar kiradi. Ko‘pgina ispan yangi mahsulotlar eksportchilari Yevropa Ittifoqi qoidalariga ko‘ra, o‘z fermalari yonida sovutish omborlari va qadoqlash sexlariga ega. Zaytun va tomatdan qayta ishlangan mahsulotlar, konservalangan baliq va sharbatlar sohaning muhim eksport tovarlari hisoblanadi. O‘zbekiston zamonaviy sovutish zanjirlari, sharbat va konserva zavodlari qurilishini kengaytirishi kerak. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rag‘batlantirish uchun Ispaniya fermerlariga Yagona qishloq xo‘jaligi siyosati (qishloq biznesiga investitsiya yordami) doirasida grantlar taqdim etildi. O‘zbekistonda hukumat yoki donorlar mablag‘laridan foydalangan holda shunga o‘xshash dasturni (Jahon bankining qishloq xo‘jaligi va irrigatsiyani qo‘llab-quvvatlash dasturi, YETTBning "Agrooziq-ovqat o‘zaro bog‘liqligi" dasturi) joriy etish mumkin. Masalan, Ispaniyada sharbat sanoati narxlarni barqaror ushlab turish uchun hosil eng yuqori bo‘lgan davrlarda ortiqcha meva va sabzavotlarni qayta ishlaydi. Ispaniyaning qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘pincha Yevropa Ittifoqi bozorlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu juda qattiq sifat nazorati (HACCP, ISO standartlari) va oziq-ovqat xavfsizligi standartlariga muvofiqlikni talab qiladi. Mahalliy agronomlarni tayyorlash, sertifikatlashtirish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, laboratoriyalar va mahsulotlarni kuzatishning raqamli tizimlarini rivojlantirish uchun O‘zbekiston Ispaniya sertifikatlashtirish organlari va ekspertlari bilan rasmiy hamkorlik o‘rnatishi kerak. Ispaniyada kooperativlar ko‘pincha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarni boshqaradi. O‘zbekistonda ham shunday kooperativlar tashkil etish mumkin. Bunday vertikal muvofiqlashtirish mamlakatda qo‘shilgan qiymat yaratilishini oshiradi. Raqamli qishloq xo‘jaligi va innovatsiyalar. Ispaniya iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish maqsadida qishloq xo‘jaligi sektorini raqamli texnologiyalarga tezkorlik bilan o‘tkazmoqda. Qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va oziq-ovqat vazirligi Agrosanoatni raqamlashtirish strategiyasi qanday amalga oshirilayotganini kuzatib boruvchi rasadxonani qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu strategiya raqamli transformatsiyadan butun qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimini modernizatsiya qilish vositasi sifatida foydalangan holda raqamli tengsizlik, texnologiyalarni joriy etish darajasining pastligi, mehnat unumdorligini oshirish, ekologik barqarorlik va qishloq hududlarini rivojlantirish muammolarini hal qilishga qaratilgan. Hukumat fermerlarga sensorlar va dasturiy ta’minot sotib olish uchun mablag‘ ajratish orqali aniq dehqonchilikni qo‘llab-quvvatlamoqda. Mamlakatimizda agrotexnologiyalar va biotexnologiyalar, ozuqaviy xususiyatlarni yaxshilash va aniq dehqonchilikni ta’minlash sohasida faoliyat yurituvchi yigirmadan ortiq texnologik markazlar mavjud. Ispaniyalik tadbirkorlar va agrotexnologiya kompaniyalari IoT (Internet of Things) dala sensorlarini ishlab chiqarmoqda, namlikni o‘lchash uchun sun’iy yo‘ldosh xizmatlaridan foydalanmoqda va sun’iy intellekt (SI) asosida hosilni boshqarish bo‘yicha maslahatlar bermoqda. Qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish ham avtomatlashtirilgan. Masalan, fermerlar banklarning mobil ilovalari orqali hosil yetishtirish uchun kredit olishi mumkin. O‘zbekistonda ham raqamli bog‘dorchilik joriy etilmoqda. Hozirda sun’iy intellekt suv resurslarini boshqarish, chorva mollarini monitoring qilish va issiqxonalarni boshqarish bo‘yicha pilot loyihalarda sinovdan o‘tkazilmoqda. O‘zbekistonda har bir hududda "qishloq xo‘jaligi xizmatlari zonalari" tashkil etilmoqda. Ushbu zonalar tuproq tahlili, meteorologik ma’lumotlar va ta’limni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli IT xizmatlarini taklif etadi. O‘zbekiston uchun yangi qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini (aniq sug‘orish tizimlari, aqlli qishloq xo‘jaligi va raqamli monitoring, o‘simliklarni integratsiyalashgan himoya qilish, suvni retsirkulyatsiya qilish va chuchuklashtirish texnologiyalari, yig‘im-terimdan keyingi ishlov berish va sifat nazorati texnologiyalari) fermerlar o‘rtasida joriy etish bo‘yicha Ispaniya tajribasi foydali hisoblanadi. Ispaniya tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, fermerlarni o‘qitish va yangi texnologiyalarni qo‘llashni ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston, shuningdek, fermerlarni resurslarni taqsimlash bo‘yicha qarorlar qabul qilish uchun zamonaviy raqamli vositalardan foydalanishga o‘rgatishga sarmoya kiritishi kerak. Bundan tashqari, Ispaniya texnologik kompaniyalari va universitetlari qishloq xo‘jaligi sohasida sinovdan o‘tgan yechimlarni, masalan, mintaqaviy ob-havo stansiyalari va mobil ilovalarni joriy etish uchun O‘zbekiston texnologik kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimdir. Ispaniyaning “Observatoriya” guruhi misolida O‘zbekiston fermer xo‘jaliklaridan olingan ma’lumotlardan qishloq xo‘jaligi siyosati sohasida qarorlar qabul qilish uchun milliy tahliliy tizimda foydalanish mumkin. Ispaniya tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekiston o‘zlashtirishi mumkin bo‘lgan quyidagi amaliyotlar belgilab olindi: Tomchilatib/mikrosug‘orishni hamda suvni masofadan turib monitoring qilishni hamma joyda joriy etish. Ispaniyada amalga oshirilgan modernizatsiya (masalan, bosimli tarmoqlar, suv sarfi o‘lchagichlar) suv taqsimoti samaradorligini qariyb 95% ga yetkazish va fermer xo‘jaliklari darajasida suv iste’molini taxminan 20% ga qisqartirish imkonini berdi. Ispaniya rejalarida ko‘zda tutilganidek, tomchilatib sug‘orishga o‘tishni rag‘batlantirish, fermer xo‘jaliklarida suv sarfini hisobga olishni yo‘lga qo‘yish hamda kanallar va nasoslarni avtomatlashtirishga sarmoya kiritish tavsiya etiladi. Bu chora-tadbirlar fermer xo‘jaliklaridagi datchiklar (tuproq namligi, ob-havo ma’lumotlari) bilan birgalikda O‘zbekistonda suvdan foydalanish unumdorligini oshirishi mumkin. Ispaniya fermerlari kabi tabiiy yirtqichlar va maqsadli nazoratdan foydalangan holda o‘simliklarni integratsiyalashgan himoya qilish tizimlarini joriy etish. Almeriyada pestitsidlardan (masalan, oqqanotlar, Tuta Absoluta) intensiv foydalanish o‘rnini biologik nazorat vositalari (parazit arilar Encarsia, yirtqich qandalalar Nesidiocoris), shuningdek, yopishqoq tuzoqlar va ekin gigiyenasi egalladi. Bu kimyoviy moddalar xarajatlarini kamaytirish, chidamlilik rivojlanishining oldini olish va qoldiq moddalarsiz mahsulot eksportini ta’minlash imkonini beradi. O‘zbekiston IQR tizimlarini asosiy ekinlarda (masalan, paxta, pomidor) sinab ko‘rishi va fermerlarni monitoring va biologik nazorat usullariga o‘rgatishi mumkin. Issiq/sho‘rlangan hududlarda issiqxona sabzavotchiligini rivojlantirish (masalan, Xorazm, Surxondaryo). Ispaniyaning Almeriyadagi “plastik dengizi” (33500 gektar) yiliga 3 million tonna pomidor, qalampir va boshqa sabzavotlar beradi, ularning 80 foizi eksport qilinadi. Model gidroponika, soya beruvchi to‘rlar va iqlim nazoratini o‘zida mujassam etgan. O‘zbekiston issiqxonalar klasteri (quyosh yordamida sug‘oriladigan) vegetatsiya davrini uzaytirishi va yangi bozorlarga sifatli mahsulot yetkazib berishi mumkin. Hududlarga ixtisoslashgan klasterlarni rivojlantirish zarur. Masalan, O‘zbekistondagi Farg‘ona vodiysi yuqori sifatli meva (o‘rik, olma) va sabzavotlar yetishtirishga ixtisoslashsa, Buxoro/Surxondaryo esa (subtropik iqlim sharoitida) sarg‘in qovun va pista yetishtirishga yo‘naltirilishi mumkin. Klasterlarni rivojlantirish (Ispaniya kooperativlari va savdo palatalarida bo‘lgani kabi) qayta ishlash quvvatlaridan birgalikda foydalanish, qo‘shma marketing va ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘z ichiga oladi, bu esa qiymat zanjirlarini mustahkamlash imkonini beradi. Resurslarni birlashtirish va bozorlarga kirishni ta’minlashga qaratilgan kooperativ modellarni rag‘batlantirish zarur. Ispaniya kooperativlari (masalan, “Kaxamar” banki, vino/zaytun moyi ishlab chiqarish kooperativlari) o‘z a’zolarining daromadlarini oshiradi. O‘zbekistonning kooperativlar to‘g‘risidagi yangi qonuni buning uchun tegishli doiralarni taqdim etadi. Hukumat va donorlar fermerlarga boshqaruv asoslarini o‘rgatish va kooperativlarning eksport kompaniyalari bilan aloqalarini o‘rnatish orqali tajriba hududlarida kooperativlarni tashkil etishga yordam berishlari mumkin. Bilimlarni tarqatish va fermer xo‘jaliklarini boshqarish uchun raqamli platformalarni joriy etish. Ispaniyada sug‘orishni rejalashtirish, hosildorlikni prognozlash va ta’minot zanjirini kuzatish bo‘yicha tajriba ilovalari allaqachon mavjud. O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsiyalari bo‘yicha yangi markazlar ushbu vositalarni integratsiya qilishi mumkin. Yuqori sifatli mahsulotlar bozorlariga (premium bozorlarga) chiqish uchun sifat standartlarini (masalan, geografik ko‘rsatkichlarni) ishlab chiqish zarur. Kelib chiqishi himoyalangan ispan mahsulotlari (vino, zaytun moyi, xamon, mevalar) yuqori qo‘shimcha qiymatga ega. O‘zbekistonda bunday mahsulotlar hozircha yo‘q, biroq mamlakat organik yoki kelib chiqishiga oid boshqa markirovkalarni (masalan, “Qo‘qon o‘rigi”) joriy etishi va jahon fitosanitariya me’yorlariga muvofiq bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish orqali o‘z qishloq xo‘jaligi sohasining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan ko‘plab progressiv islohotlarni amalga oshirgan bo‘lishiga qaramay, Ispaniya agrar amaliyoti mamlakat agrar sohasining to‘liq salohiyatini yuzaga chiqarish uchun yaxlit metodologiya bo‘lib xizmat qilishi mumkin. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

05 Iyun 2026

Eron-Afg‘oniston munosabatlarining zamonaviy evolyutsiyasi

Ushbu tahlilda Eron-Afg‘oniston munosabatlarining zamonaviy evolyutsiyasi 2021-yil avgust oyida Tolibon hokimiyatga qaytganidan so‘ng o‘zgarib borayotgan mintaqaviy xavfsizlik dinamikasi, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va geosiyosiy qayta saflanish sharoitida ko‘rib chiqiladi. Unda ta’kidlanishicha, Tehron va Kobul o‘rtasidagi munosabatlar na sof dushmanlik, na chinakam strategik tusga ega, balki pragmatik hamkorlik, o‘zaro ishonchsizlik va raqobatdosh xavfsizlik manfaatlari kabi murakkab omillar aralashmasi bilan belgilanadi. Eron Afg‘onistonni o‘zining sharqiy chegarasidagi muhim bufer deb bilsa-da, ayni paytda bu mamlakatni beqarorlik, terrorizm, mazhablararo keskinlik, migratsiya bosimi va xorijiy harbiy kuchlarning kirib kelishi uchun potentsial manba sifatida ham ko‘radi. Tahlilnomada Eronning Afg‘onistonga nisbatan siyosatining tarixiy asoslari, jumladan, Tehronning 1979-yilgi Islom inqilobidan keyin afg‘on siyosiy va qurolli guruhlari bilan aloqa o‘rnatganidan tortib, keyinchalik Tolibonning ayrim unsurlari bilan taktik aloqalar o‘rnatganigacha bo‘lgan davr kuzatib borilgan. Unda Eronning Tolibon bilan munosabatlari mafkuraviy emas, balki asosan pragmatik bo‘lib qolayotgani, bu esa avvalo Tehronning Amerika ta’sirini cheklash, Afg‘onistonning Eronga qarshi amaliyotlar uchun maydonga aylanishining oldini olish hamda afg‘on shia jamoalari, xususan, hazoralar orasida o‘z ta’sirini saqlab qolish istagi bilan shakllangani ta’kidlanadi. Shu bilan birga, Tolibonning strategik muxtoriyatni talab qilishi Eronning taktik hamkorlikni barqaror siyosiy nazoratga aylantirish imkoniyatlarini bir necha bor cheklab qo‘ydi. Ikki tomonlama munosabatlarning xavfsizlik, migratsiya va gumanitar jihatlariga alohida e’tibor qaratilgan. Eron “Xuroson” viloyati islom davlati (XVİD) faoliyati, shialarga qarshi jangarilar tarmoqlari, transchegaraviy jinoiy guruhlar, narkotik moddalar savdosi va Amerika harbiy infratuzilmasining Afg‘onistonga qaytishi ehtimolidan chuqur xavotirda. Bu xavotirlar qochqinlar oqimi va Eronning hujjatsiz afg‘onlarga qarshi deportatsiya kampaniyasini kuchaytirishi tufayli yanada keskinlashdi, bu esa Afg‘onistonning shundoq ham zaif iqtisodiyoti va ijtimoiy infratuzilmasiga qo‘shimcha bosim o‘tkazdi. Tahlilnoma shuni ko‘rsatadiki, migratsiya nafaqat gumanitar masalaga, balki Tehronning Kobulga nisbatan yondashuvini shakllantirayotgan asosiy xavfsizlik va siyosiy omilga ham aylangan. Ushbu keskinliklarga qaramay, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik Eron-Afg‘oniston munosabatlarida muhim barqarorlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishda davom etmoqda. Afg‘oniston Eron yoqilg‘isi, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari va tranzit infratuzilmasiga hanuz kuchli qaram bo‘lsa, Eron davom etayotgan G‘arb sanksiyalari sharoitida Afg‘onistonni qimmatli eksport bozori sifatida ko‘radi. Shu bois, siyosiy tahlilnomada Eron-Afg‘oniston munosabatlarining kelajagi xavfsizlik sohasidagi ishonchsizlik va amaliy hamkorlik o‘rtasidagi muvozanat bilan belgilanishi haqida xulosa qilinadi. Xitoy, Rossiya, Pokiston va Markaziy Osiyo davlatlari kabi mintaqaviy ishtirokchilar Afg‘oniston bilan aloqalarni kuchaytirar ekan, ishonchsizlik, chegara xavfsizligining zaifligi, migratsiya bosimi va Yaqin Sharqdagi kengroq beqarorlik chuqurroq yaqinlashuvga to‘sqinlik qilishda davom etsa-da, Tehron va Kobul zarurat yuzasidan o‘zaro bog‘liqlikda qolishi ehtimoldan xoli emas. Topchubashov Center veb-saytida o‘qing * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.

outputs_in

Tahliliy nashrlar

26 May 2026

AQSh, Rossiya va Xitoy manfaatlari to‘qnashuvi sharoitida transport-logistika geosiyosatining yangi bosqichi

Muallif: Fatima Daliyeva – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar, jahon va mintaqa muammolarining siyosiy muammolari” ixtisosligi bo‘yicha mustaqil tadqiqotchisi, Oliy ta’limdan keyingi ta’lim ofisi bosh mutaxassisi.   XXI asrning uchinchi o‘n yilligiga kelib global geosiyosiy raqobatning asosiy markazlaridan biri transport-logistika tizimlari va savdo yo‘laklari atrofida shakllanmoqda. Agar XX asrda geosiyosiy ustunlik asosan harbiy qudrat, hududiy nazorat yoki energetik resurslar bilan belgilangani kuzatilgan bo‘lsa, bugungi bosqichda global ta’sir ko‘proq logistika, tranzit infratuzilmasi, dengiz yo‘llari, portlar, raqamli transport tizimlari va ta’minot zanjirlarini boshqarish imkoniyati bilan aniqlanmoqda. Xitoyning dunyo iqtisodiyotidagi markaziy ishlab chiqarish platformasiga aylanishi transport-logistika tizimlarini global geosiyosatning strategik elementiga aylantirdi. Bugungi xalqaro tizimda AQSH, Rossiya va Xitoy manfaatlari aynan logistika koridorlari, energetik marshrutlar va savdo yo‘llari ustidan nazorat masalasida tobora keskinroq to‘qnashmoqda. Shu nuqtai nazardan, Yevrosiyo makoni nafaqat geografik hudud, balki yangi global iqtisodiy arxitektura shakllanayotgan strategik maydonga aylanmoqda. So‘nggi yillarda Rossiya–Xitoy iqtisodiy hamkorligi sezilarli darajada kuchaydi. Ayniqsa, Rossiya–Ukraina urushidan keyin G‘arb sanksiyalari Rossiyani Xitoyga iqtisodiy jihatdan yanada yaqinlashtirdi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi rekord darajaga yetib, 2024-yilda 244 milliard dollardan oshdi. 2025-yilda ayrim qisqarish kuzatilgan bo‘lsa-da, 2026-yil boshidan savdo hajmi yana o‘sishni boshladi. Xitoy eksportining Rossiyaga 23 foizdan ortiq o‘sgani, Rossiya eksportining esa 17 foizga kengaygani ikki iqtisodiyotning tobora ko‘proq o‘zaro bog‘lanayotganini ko‘rsatadi. Biroq bu yaqinlashuv teng sheriklik emas, balki asimmetrik iqtisodiy bog‘liqlik modelini shakllantirmoqda. Rossiya asosan neft, gaz, ko‘mir va xomashyo eksport qilayotgan bo‘lsa, Xitoy Rossiyaga avtomobillar, elektronika, sanoat uskunalari va yuqori texnologik mahsulotlarni yetkazib bermoqda. Bu esa Moskvaning iqtisodiy strukturasini tobora xomashyo eksportiga bog‘lab, Pekinning texnologik va sanoat ustunligini kuchaytiradi. Logistika va transport tizimlari esa ushbu yangi iqtisodiy modelning markaziy elementiga aylanmoqda. Rossiyaning Uzoq Sharq hududi Xitoy bilan savdoda asosiy tranzit markaziga aylanishi, chegara portlari orqali yuk tashish hajmining keskin oshishi va yangi ko‘priklar orqali yuk oqimining ko‘payishi buning yaqqol dalilidir. Demak, transport-logistika bugungi Rossiya–Xitoy aloqalarida oddiy texnik soha emas, balki strategik integratsiya mexanizmiga aylanmoqda. Shu bilan birga, aynan logistika sohasida AQSH va Xitoy manfaatlari o‘rtasidagi eng keskin qarama-qarshilik yuzaga kelmoqda. Chunki bugungi global iqtisodiyotning yuragi aynan Xitoy ishlab chiqarishi va uni dunyo bo‘ylab yetkazib beruvchi logistika tizimidir. Hozir Xitoy mahsulotlarining 80 foizdan ortig‘i dengiz orqali tashilmoqda va ushbu tizimning katta qismi G‘arb kompaniyalari tomonidan nazorat qilinadi. MSC, Maersk, Hapag-Lloyd, ONE va Evergreen kabi yirik kompaniyalar Xitoy eksportining global logistikasida hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Bu juda muhim geosiyosiy paradoksni yuzaga chiqarmoqda. Bir tomondan AQSH va G‘arb Xitoyning geosiyosiy ta’sirini cheklashga urinmoqda. Ikkinchi tomondan esa aynan G‘arb logistika kompaniyalari Xitoy eksportidan ulkan daromad olmoqda. Bu esa global iqtisodiy tizimning o‘zaro bog‘liqlik darajasi qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa, A.P. Moller - Maersk va Mediterranean Shipping Company kabi kompaniyalar Xitoy portlari bilan integratsiyalashgan logistika tizimini yaratgan. Bu kompaniyalar nafaqat yuk tashiydi, balki omborlar, terminallar, konteyner tarmoqlari va multimodal logistika infratuzilmasini ham boshqaradi. Natijada global savdo tizimi amalda Xitoy ishlab chiqarishi va G‘arb logistika kapitalining simbioziga aylanmoqda. Shu nuqtada AQSH uchun asosiy strategik muammo yuzaga kelmoqda. Vashington Xitoyni texnologik va iqtisodiy jihatdan cheklashga urinayotgan bir paytda, global kapital va logistika tizimi hali ham Xitoy ishlab chiqarishiga chuqur bog‘langan. Shu sababli AQSHning tarif siyosati va texnologik sanksiyalari Pekinni izolyatsiya qilish o‘rniga, ko‘proq global ta’minot zanjirlarini qayta shakllantirishga olib kelmoqda. “China Shock 2.0” tushunchasi aynan shu jarayonni ifodalaydi. Endilikda Xitoy faqat arzon iste’mol mahsulotlari emas, balki elektr avtomobillari, batareyalar, quyosh panellari, robototexnika va yarimo‘tkazgichlar eksport qilmoqda. Bu esa AQSH va Yevropa uchun yangi xavf tug‘dirmoqda. Chunki logistika yo‘llarini nazorat qilayotgan davlat asta-sekin yuqori texnologiyalar bozorida ham ustunlikni qo‘lga kiritmoqda. Yarimo‘tkazgichlar va elektr transporti atrofidagi raqobat global logistika tizimini strategik qurolga aylantirmoqda. Bugungi kunda AQSH uchun Tayvan masalasi faqat siyosiy yoki harbiy muammo emas. Tayvan global yarimo‘tkazgich ishlab chiqarishining markazi bo‘lgani sababli u logistika va texnologik xavfsizlikning ham asosiy elementi hisoblanadi. Shu nuqtada Si Szinpin tomonidan tilga olingan “Fukidid tuzog‘i” tushunchasi alohida ahamiyat kasb etadi. Xi Jinping AQSH va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilikni ochiq urushsiz boshqarishga urinmoqda. Chunki Pekin ham, Vashington ham o‘zaro iqtisodiy bog‘liqlik darajasi juda yuqori ekanini yaxshi tushunadi. Xitoy eksportga tayanadi, AQSH esa global kapital oqimlari va dollar tizimining markazi bo‘lib qolmoqda. Ammo bu “nazorat ostidagi raqobat” modeli tobora murakkablashmoqda. AQSHning Xitoyga qarshi texnologik cheklovlari Pekinni ichki resurslarga tayanishga majbur qildi. Natijada Xitoy texnologik mustaqillik siyosatini jadallashtirdi va logistika koridorlarini diversifikatsiya qilishga kirishdi. “Bir makon - bir yo‘l” tashabbusi aynan shu strategiyaning markaziy elementidir. Bu yerda Markaziy Osiyo va Rossiyaning roli keskin ortmoqda. Chunki Yevrosiyo orqali o‘tuvchi quruqlik koridorlari Xitoy uchun dengiz yo‘llariga alternativ strategik marshrut sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi Pekinning Markaziy Osiyodagi geoiqtisodiy ta’sirini kuchaytiradi. Qirg‘izistonning ushbu loyiha uchun Xitoydan 305 million dollar moliyaviy yordam olayotgani, grant va imtiyozli kreditlarning ajratilishi Pekinning transport-logistika orqali ta’sirini chuqurlashtirayotganini ko‘rsatadi. Biroq bu yerda muhim geosiyosiy xavf mavjud. Loyihaning umumiy qiymati 5 milliard dollardan oshgani sababli Qirg‘iziston kelajakda yana katta tashqi moliyalashtirishga ehtiyoj sezadi. Bu esa mamlakatning Xitoy kapitaliga qaramligini kuchaytirishi mumkin. Aslida bugungi Xitoy strategiyasining markazida aynan logistika va infratuzilma diplomatiyasi turibdi. Pekin kredit, transport, port va sanoat loyihalari orqali uzoq muddatli iqtisodiy bog‘liqlik yaratmoqda. Bu model ko‘pincha “infratuzilmaviy geosiyosat” deb ataladi. Rossiya esa bu jarayonda murakkab holatda qolmoqda. Bir tomondan Moskva Xitoy bilan iqtisodiy yaqinlashuvdan manfaatdor. Chunki G‘arb sanksiyalari Rossiyaning Yevropa bozorlari va texnologiyalariga kirishini keskin chekladi. Ikkinchi tomondan esa Xitoyning Markaziy Osiyo va Yevrosiyodagi iqtisodiy ta’siri kuchayishi Rossiyaning an’anaviy geosiyosiy pozitsiyasini zaiflashtirmoqda. Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoy manfaatlari tobora ko‘proq kesishmoqda. Moskva mintaqani tarixiy ta’sir hududi sifatida ko‘rishda davom etayotgan bo‘lsa, Pekin uni logistika va tranzit makoni sifatida baholamoqda. Natijada transport koridorlari geosiyosiy raqobatning markaziy maydoniga aylanmoqda. Bu jarayonda AQSH ham faol rol o‘ynamoqda. Vashington Markaziy Osiyoni faqat xavfsizlik hududi emas, balki Xitoy va Rossiya ta’sirini muvozanatlashtiruvchi strategik makon sifatida ko‘rmoqda. Shu sababli AQSH mintaqadagi transport, energetika va raqamli loyihalarga qiziqishni kuchaytirmoqda. Bugungi global tizimda logistika oddiy iqtisodiy masala emas. U geosiyosiy ustunlik, strategik xavfsizlik va texnologik nazorat vositasiga aylangan. Kim transport yo‘llari, portlar, logistika kompaniyalari va ma’lumotlar oqimini boshqarsa, u global iqtisodiyotga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli AQSH, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi bugungi raqobat aslida “yangi logistika geosiyosati” uchun kurashdir. Bu kurashda harbiy kuchdan ko‘ra ko‘proq transport koridorlari, dengiz yo‘llari, temir yo‘llar, portlar va raqamli infratuzilma hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Kelajakda ushbu raqobat yanada kuchayishi ehtimoli yuqori. Chunki sun’iy intellekt, elektr transporti, yarimo‘tkazgichlar va yashil energetika sohalarining rivojlanishi logistika tizimlariga bo‘lgan strategik ehtiyojni yanada oshiradi. Natijada Yevrosiyo makoni XXI asr global raqobatining asosiy markazlaridan biriga aylanishda davom etadi.  Bugungi geosiyosiy transformatsiya davrida transport-logistika tizimlari xalqaro munosabatlarning markaziy elementiga aylanmoqda. AQSH, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi raqobat esa tobora ko‘proq aynan shu infratuzilmaviy va logistika maydonida kechmoqda. Bu jarayon esa nafaqat Yevrosiyo, balki butun global iqtisodiy va siyosiy tizimning kelajak arxitekturasini belgilab beradi. * Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) hech qanday masalada muassasaviy nuqtai nazarni bildirmaydi; bu yerda keltirilgan fikrlar faqatgina muallif yoki mualliflarga tegishli bo‘lib, ular IXTIning qarashlarini aks ettirmaydi.